O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida sayyohlik axborot markazi ishga tushiriladi
2019-02-14 | Turizm
Toshkent xalqaro aeroportida sayyohlarga xizmat koʻrsatish uchun zamonaviy axborot maskanlarini tashkil etish ishlari boshlandi.
Tourist service center №2 qoʻnish zalida joylashgan va har biri xorijiy sayyohlarga Oʻzbekistonning turizm sanoati, mamlakatning zamonaviy yoʻnalishlari va marshrutlari haqida maʼlumot beruvchi 6 boʻlinmali dumaloq dizaynga ega boʻladi.
Bu yerda har bir chet ellik fuqaro sayyohlik sim-kartalari, Oʻzbekiston shaharlari boʻylab qoʻllanma, zamonaviy dam olish maskanlari, mehmonxonalar va restoranlar haqida kerakli maʼlumotlarni beruvchi reklama broshyuralari, shuningdek, Respublikada boʻlish tartiblari haqida konsultatsiya olish imkoniga ega boʻlishadi.
Ayni damda Turizm qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekistonning turistik salohiyati toʻgʻrisida 95 mingga yaqin flayerlar tayyorlangan. Avvalroq, Davlat qoʻmitasi madaniy meros obyektlari, temir yoʻl vokzallari, aeroportlar va mehmonxonalar hududida sim-kartalar, madaniy-ommaviy tadbirlarga chiptalar, qisqa muddatli turlar, temir yoʻl va aviachiptalar sotiladigan sayyohlik axborot markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan edi.
Shuningdek, kelgusida sayyorlarga umumiy ovqatlanish shahobchalari, turar-joy maskanlari haqida maʼlumotlar, taksi chaqirish, muzeyga chipta olish, sovgʻalar xarid qilish imkonini beruvchi sim-kartalar taqdim etadigan statsionar va mobil infokiosklar oʻrnatish koʻzda tutilgan. Loyiha davlat-xususiy sektor hamkorligi sxemasi doirasida amalga oshiriladi.