Toshkent shahrida 13-fevral kuni Oʻzbekiston – Shvetsiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va “Business Sweden” Shvetsiya savdo va investitsiyalar kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning iqtisodiyot, geologiya va mineral resurslar, axborot texnologiyalari, mashinasozlik, energetika kabi sohalari boʻyicha masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari vakillari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Shuhrat Vafoyev, “Business Sweden” savdo va investitsiyalar kengashining Yevroosiyo boʻyicha direktori Andreas Giallourakis Oʻzbekiston bilan Shvetsiya oʻrtasidagi hamkorlik imkoniyatlari oshib borayotganini taʼkidladi.
– Ikkinchi bor oʻtkazilayotgan Oʻzbekiston – Shvetsiya biznes-forumi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, – deydi Shvetsiya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ingrid Tersman. – Forumda ishtirok etayotgan Shvetsiyaning oʻnga yaqin yetakchi kompaniyasi Oʻzbekistonga togʻ-kon sanoati, transport, energetika, axborot-kommunikatsiya kabi sohalar boʻyicha oʻz xizmat va mahsulotlarini taqdim etish istagida.
Biznes-forumda Oʻzbekiston bilan Shvetsiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Oʻzbekistonning geologiya va mineral resurslar, energetika, transport infratuzilmalari, savdo-sanoat, taʼlim sohalari boʻyicha imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Shvetsiyaning “ADB Safegate”, “Scania”, “Ericsson”, Alfa Laval Potok”, “Sandvik”, “EF Education First” kabi kompaniyalari taqdimotlar oʻtkazdi.
– Kompaniyamiz avtobuslar, togʻ-kon sanoatiga moʻljallangan yuk avtomobillari ishlab chiqaradi, – deydi “Scania” kompaniyasi vakili Artur Shafran. – 2012 yildan buyon Navoiy kon-metallurgiya kombinati bilan hamkorlik qilamiz. Niyatimiz ana shunday hamkorlarni koʻpaytirish.
Forum doirasida Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi va Shvetsiyaning “EF Education First” kompaniyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida "G2B” va “B2B” formatli uchrashuvlar boʻlib oʻtdi.
Malohat HUSANOVA, OʻzA muxbiri