O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijdagi vatandoshlar targʻibotining ilk samarasi
2019-02-13 | Turizm
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3982-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi”da xorijiy turistlarni jalb qilish, mamlakatning turistik salohiyatini, infratuzilmasini va Oʻzbekistonda turizmning yangi turlarini rivojlantirish yoʻnalishida xorijlik vatandoshlarni keng jalb qilish va ular bilan hamkorlikni rivojlantirish vazifasi yuklatilgan.
Shundan kelib chiqqan holda, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan AQSH, Germaniya, Chexiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Shveysariya, Avstriya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni va boshqa bir qator xorijiy mamlakatlarda istiqomat qiluvchi vatandoshlar bilan aloqa oʻrnatilib, ular bilan muloqot yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Qoʻmita tomonidan vatandoshlar talablariga koʻra Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qiluvchi materiallar yetkazib berilmoqda. Jumladan, Chexiya, Polsha, Yaponiya va Germaniya kabi davlatlarga dastlabki targʻibot materiallari yetkazilib, bugungi kunda vatandoshlar tomonidan targʻibot ishlari keng koʻlamda olib borilmoqda.
Yaponiyadagi vatandoshlarimiz birinchilardan boʻlib targʻibot ishlariga koʻmaklashish tashabbusi bilan chiqishdi va Yaponiyaning koʻplab shaharlarida keng koʻlamli targʻibot ishlari tashkil etildi. Olib borilgan bu ishlarning natijasi sifatida birinchi sayyohlar guruhi joriy yilning 11-fevral kuni yurtimizga tashrif buyurdi.
Guruh aʼzolari: Kusaba, Seino, Yagiura, Hashimoto, Miyoshi, Koike, Yasuka, Hashimoto va Yagiuralarni kecha Islom Karimov nomidagi Xalqaro Aeroportida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi S.Akbarov boshchiligidagi Qoʻmita va OAV vakillari tomonidan tantanali kutib olindi. Tashkil etilgan tadbir doirasida Qoʻmita raisi oʻrinbosari mehmonlarga Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyati haqida maʼlumot beruvchi tarqatma materiallar va esdalik sovgʻalari taqdim qilindi.
“Oʻzbekistonga kelishdan maqsad oʻzbek madaniyati bilan yaqindan tanishishdir. Sayohatimiz 10 kundan iborat boʻlib, ushbu 10 kun davomida Namangan, Andijon, Fargʻona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shaharlariga tashrif buyurishni rejalashtirilganmiz. Bu yerga kelishimizga sabab, nimaga aynan Oʻzbekistonni tanlaganimizga toʻxtaladigan boʻlsak, Yaponiyaning Xiroshima shahrida yashayotgan Oʻzbekistonlik Boburjondan Oʻzbekiston haqida juda koʻp maʼlumot oldik, mamlakatda yaratilayotgan sharoitlar haqida va mavjud madaniy meros obyektlari haqida tarqatma materiallar berdi va taqdimotlar qilib, bizda mamlakatingizga nisbatan juda ham katta qiziqish uygʻotdi. Mana shu sababdan biz bugun shu yerda, siz bilanmiz”, - deydi tashrif buyurgan sayyohlar guruhi rahbari Yasuka.
Shuningdek, “Biz juda hayratdamiz, Oʻzbekiston mehmondoʻst xalq ekanligi haqida bilardik, lekin bizni bunday tantanali kutib olishlari tushimizga ham kirmagandi. Turizmni rivojlantirish qoʻmitasining oʻrinbosari shaxsan oʻzlari bizni sovgʻalar bilan kutib olgani ochigʻi bizni juda hayratga soldi. Shu bilan birga yurtingizda turizmga qaratilayotgan eʼtiborning ne chogʻlik yuqori ekanligini bizga anglatdi”- deb taʼkidlab oʻtdi guruh aʼzosi janob Hashimoto.