O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Isteʼmolchi: Ehtiyoj va xavfsizlik

2019-02-13 | Jamiyat

“Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining Sirdaryo viloyati gaz taʼminoti hududiy filiali xodimlari tomonidan energiya tejamkor gaz jihozlari va boshqa uskunalarni oʻrnatish, ularning texnik holatini xatlovdan oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi “Zamonaviy energiya samarador va energiya tejaydigan texnologiyalarni yanada joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda 2017-yil 8-noyabrdagi “Energiya resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.

Bugungi kunda viloyat hududidagi jami isteʼmolchilar soni 186 ming 852 ta boʻlib, ulardan tabiiy gaz bilan taʼminlanganlari 106 ming 698 tani tashkil etadi. Ularning 104 ming 526 nafari maishiy, yaʼni isteʼmolchi fuqarolar, 2 ming 471 tasi ulgurji isteʼmolchilardir. Ayni kungacha hududda bularning barchasi toʻliq texnik xatlovdan oʻtkazildi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining viloyat gaz taʼminoti hududiy filiali boʻlim boshligʻi Farhod Xolbekov. – Tabiiy gazdan foydalanish qoidalarida belgilangan tartib va talablar ijrosining bajarilishini oʻrganish, shuningdek, isteʼmolchilarda oʻrnatilgan nostandart gaz jihozlarini energo tejamkorlariga almashtirish yuzasidan viloyatning shahar va tumanlarida keng miqyosda tushuntirish ishlari olib borildi. Filialning masʼul xodimlaridan tuzilgan ishchi guruh va joylardagi mutaxassislar tomonidan isteʼmolchilar oʻrtasida tushuntirish ishlari toʻgʻri tashkillashtirilganligi oʻrganildi. Bundan tashqari, qoʻshimcha ravishda seminar-yigʻilishlar oʻtkazilib, masʼul xodimlarga aniq topshiriq va koʻrsatmalar yuklatildi.

Olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida nostandart gaz jihozlari davlat standarti talablariga javob beradigan energiya tejamkor gaz jihozlariga almashtirilayotir. Jumladan, filialning masʼul xodimlari tomonidan Sirdaryo tumani “Ziyokor” mahalla fuqarolar yigʻini hududida oʻtkazilgan profilaktika tadbirlarida 280 dona zamonaviy gaz jihozi oʻrnatildi.

2017-yilning dekabr oyida sarflangan tabiiy gaz hajmi butun mahalla boʻyicha 949 ming 980 metr kubdan ziyodni tashkil etgan boʻlsa, tejamkor boʻlgan gaz yondirgichlar oʻrnatilgach, 2018-yilning dekabr oyiga kelib sarflangan tabiiy gaz hajmi 480 ming 996 metr kubni tashkil etdi. Bu 50 foizga yaqin tabiiy gaz sarfi kamayganligini koʻrsatadi.

Prezidentimiz 2018-yil aprel oyida viloyatga qilgan tashrifi chogʻida aholiga yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz ballonlarni sinovdan oʻtkazish markazini tashkil etish yuzasidan soha mutasaddilarga aniq vazifalar yuklagan edi. Shu topshiriqqa asosan Mirzaobod tumani Mirzo Ulugʻbek mahallasida maishiy gaz ballonlarini sinovdan oʻtkazish markazi tashkil etildi. Natijada aholi xonadonlaridagi maishiy gaz ballonlarning yaroqlilik holatlari aniqlanib, turli xil koʻngilsiz holatlarning oldi olinmoqda. 4 ta yangi ish oʻrni yaratilgan ushbu loyiha amalga oshgach, isteʼmolchilarga suyultirilgan gazni xavfsiz yetkazib berishga erishildi.

 

Abdujalol Qayumov, OʻzA

Поделиться