O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda jahon rekordi yangilandi
2019-02-12 | Sport
Samarqanddagi oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida 2002-yil tugʻilgan va undan kichik yoshdagi oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazildi.
Qizlar oʻrtasidagi bahslarda 64 kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etgan Kumushxon Fayzullayeva dast koʻtarishda 97 kg toshni oʻziga boʻysundirgan holda musobaqa oltin medalini qoʻlga kiritish bilan bir qatorda mazkur vazn toifasida oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon rekordini ham yangiladi.
Shuningdek, yoshlar oʻrtasida jahon chempioni, oʻsmirlar oʻrtasida olimpiada chempioni boʻlgan Kumushxon Fayzullayeva siltab koʻtarishda 121 kg, jami 218 kg natija bilan oʻz vazn toifasida ham tengsiz deb topildi.
Samarqandda besh kun mobaynida oʻtkazilgan mazkur musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 250 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar ishtirok etishdi.