O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazir Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi bosh direktorini qabul qildi
2019-02-12 | Texnologiyalar
11-fevral kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Sadikov Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan bosh direktori Lyu Szyasinni qabul qildi.
Vazir Sh. Sadikov xitoylik mehmonni qutlar ekan, Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi koʻp yillik faoliyati hamda respublikamizda telekommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishida kompaniyaning sezilarli hissa qoʻshishini eʼtirof etdi.
Oʻz navbatida, Huawei kompaniyasining Oʻzbekistondagi bosh direktori Lyu Szyasin yuqori texnologiyalar sohasidagi ustuvor investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda kompaniyaning Oʻzbekiston tomoni bilan munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Suhbat davomida Xitoy investitsiyalarini jalb qilgan holda, Oʻzbekistonda AKTni rivojlantirish doirasida yaqin istiqbolda vazirlik oʻz oldiga qoʻygan ustuvor ahamiyatga molik masalalar koʻrib chiqildi. Jumladan, “Xavfsiz shahar” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish doirasida hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar mazkur yoʻnalishda oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish va ikki tomonlama hamkorlik yuzasidan kelgusida amalga oshiriladigan ishlarni muhokama etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.