O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qamashida qurilajak zavod 20 million dollarga tushadi
2019-02-11 | Iqtisodiyot
Ozarbayjonning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri - “Matanat A“ kompaniyasi vakillaridan iborat delegatsiya Qamashi tumaniga kelgandi.
Investorlar hududdagi shart-sharoit, ishbilarmonlik muhiti, infratuzilma, xom ashyo bazasi bilan yaqindan tanishgan va zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarishga qiziqish bildirgan.
Viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Ulugʻbek Ernazarovning maʼlum qilishicha, ushbu tanishuvdan soʻng chet ellik hamkorlar viloyatimizda biznes boshlashga jiddiy qaror qilishgan. Ahamiyatlisi, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vazirining mamlakatimizga tashrifi doirasida “Matanat A“ kompaniyasi rahbariyati va Qashqadaryo viloyati hokimligi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Marosimda viloyat hokimining oʻrinbosari Oybek Shagazatov qatnashgan.
Taʼkidlanishicha, mazkur firma taklif etgan istiqbolli loyiha qiymati 20 million AQSH dollariga baholangan. Uning doirasida Qamashi tumanida gipsokarton, quruq qurilish qorishmasi singari raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqaruvchi yirik quvvatni ishga tushirish belgilangan. Asosiysi, xom ashyo muammo boʻlmaydi, chunki bu hududda qurilish materiallari tayyorlashda ishlatiladigan gipsning salmoqli zaxirasi mavjud.
M.SHUHRATOV