O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakillari Minskdagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi
2019-02-11 | Siyosat
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi Belarus poytaxti Minsk shahrida boʻlib oʻtgan “Adliya organlarining huquqiy davlatni shakllantirishdagi roli” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etishdi.
Mazkur konferensiya Belarus Respublikasi Adliya vazirligining 100 yilligi munosabati bilan tashkil etildi. Uning ishida Belarus, Rossiya, Oʻzbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Gruziya adliya organlari rahbarlari, huquq va xalqaro munosabatlar, advokatura, notariat, parlamentariy sohasidagi dunyoning yetakchi ekspertlari qatnashdi. Ular tomonidan adliya sohasini rivojlantirishning muhim tendensiyalari koʻrib chiqildi, yuridik xizmatlar va mediatsiya sohalarini tashkil etish hamda rivojlantirish boʻyicha fikr va tajriba almashildi. Davlat tashkilotlarining yuridik xizmatlari faoliyatini tashkil etish masalalariga doir konstruktiv muloqot boʻlib oʻtdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, koʻplab oʻn yilliklar davomida adliya organlari har bir davlatning huquqiy salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda. Zamonaviy sharoitlarda nizolarni hal etishning yangi usullariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, mediatsiya instituti rivojlanmoqda. Jamiyatda huquqiy madaniyatni oshirish adliya organlari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari M.Istamov tadbirda mamlakatimizda Harakatlar strategiyasiga muvofiq sud-huquq tizimida, shuningdek, qonun ustuvorligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarga bagʻishlangan maʼruza bilan chiqish qildi.
Konferensiya doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi birinchi Minsk shahar notarial idorasida boʻlib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi va ushbu soha boʻyicha fikr almashishdi.