Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash samaradorligini yanada oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialini (keyingi oʻrinlarda – Filial) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Filialning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni taʼminlashga qaratilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash;
nazariy tayyorgarlikning huquqni qoʻllash faoliyati bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan zamonaviy shakl va usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllagan holda oʻquv jarayonini taʼlim berishning modul tizimi asosida tashkil etish;
taʼlim oluvchilarning psixologik tayyorgarligi, huquqiy, siyosiy madaniyati va huquqiy ongini oshirishning samarali tizimini yaratish;
taʼlim oluvchilarning aholi va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash va oʻzaro hamkorlik qilish koʻnikmalarini takomillashtirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha faoliyatini uslubiy va konsultativ taʼminlash;
yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni amalga oshiruvchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot, shu jumladan, xorijiy mamlakatlardagi muassasalar bilan oʻzaro samarali idoralararo hamkorlikni chuqurlashtirish.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Filial Toshkent davlat yuridik universitetining tarkibiy boʻlinmasi – yuridik shaxs maqomiga ega oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri va davlat tilida nomi tushirilgan muhri va blanklariga, mustaqil balansiga va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy hisobraqamlarga ega boʻladi;
Filialga Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi;
Filial direktori mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosariga, direktor oʻrinbosarlari esa – Toshkent davlat yuridik universiteti prorektorlariga tenglashtiriladi.
4. Quyidagilar:
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tuzilmasi 1-ilovaga;
Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filialining samarali faoliyatini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Filial direktoriga Toshkent davlat yuridik universiteti rektori
va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda Filial tuzilmasiga xodimlarning belgilangan shtat birliklari va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
5. Belgilansinki:
Filialda “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” soha mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash kunduzgi taʼlim shaklida bakalavriatning maxsus
uch yillik dasturi boʻyicha belgilangan namunadagi diplom berilgan holda amalga oshiriladi;
Filialda “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash” mutaxassisligi boʻyicha oliy noyuridik maʼlumotga ega boʻlgan kadrlarni qayta tayyorlash kunduzgi taʼlim shaklida maxsus olti oylik dastur boʻyicha belgilangan namunadagi diplom berilgan holda amalga oshiriladi;
Filialda oʻqitish davlat grantlari asosida amalga oshiriladi;
Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 255 kishini, kadrlarni qayta tayyorlash dasturi boʻyicha esa – har olti oyda 50 kishini tashkil etadi;
Adliya vazirligiga Moliya vazirligi bilan kelishgan holda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyaning buyurtmalariga muvofiq hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojini inobatga olib, Filialga qabul kvotalarini koʻpaytirish yoki kamaytirish huquqi beriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasiga byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan alohida shaxslarni yuridik kadrlarni tayyorlash dasturlari boʻyicha belgilangan kvotalar (davlat grantlari)dan tashqari Filialda oʻqitish uchun toʻlovni amalga oshirish huquqi beriladi;
Filial diplomining mavjudligi ichki ishlar organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni oʻtmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos boʻladi.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
bakalavriat dasturi boʻyicha Filialga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi;
Filialga qayta tayyorlash dasturi boʻyicha oʻqishga Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qoʻmondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik maʼlumotga ega boʻlgan amaldagi xodimlar va harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda egallab turgan lavozimi va pul taʼminoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshgan Toshkent shahri va Toshkent viloyati profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilariga oʻrnatilgan qabul kvotalari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan belgilanadigan alohida kvotalar boʻyicha Filialga oʻqishga kirish uchun tanlovda ishtirok etish huquqini taqdim etadigan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshliqlarining tavsiyalari berilishi mumkin;
Filialda oʻqishni tamomlagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar;
Filial sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, advokatlar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari, vazirliklar, idoralar mutaxassislari va boshqa mutaxassislarni oʻrindoshlik tartibida yoki mehnatga soatbay haq toʻlash shartlarida pedagogik faoliyatni amalga oshirishga jalb etish huquqiga ega;
Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini tartibga soluvchi normalar, agar qonunchilik yoki universitet qarorlari bilan boshqa qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, Filial faoliyatiga ham tatbiq etiladi.
7. Filialning Vasiylik kengashi 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Belgilansinki, Vasiylik kengashi Filialning har tomonlama rivojlanishiga koʻmaklashadi, jumladan:
manfaatdor vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish uchun Filialning moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
Filialning pedagog va boshqa xodimlarining mehnat sharoitlari va ijtimoiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha choralarni koʻradi;
oliy yuridik taʼlimning rivojlanishiga koʻmaklashuvchi yangi shakl, dastur va istiqbolli tashabbuslarni, ilmiy ishlanmalar natijalarini qonun ijodkorligi faoliyati va huquqni qoʻllash amaliyotiga samarali joriy etishda qoʻllab-quvvatlashni amalga oshiradi;
oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida sheriklik kelishuvlari tuzilishi va ularni roʻyobga chiqarishda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashadi.
8. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;
Filialda taʼlim olish uchun toʻlangan mablagʻlar;
byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya instituti grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Filial taʼminoti uchun byudjet mablagʻlari 2019 yilda Adliya vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2019 yil ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan koʻrsatkichlari doirasida ajratiladi, 2020 yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining xarajatlari parametrlarida nazarda tutiladi;
huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlaridan ishga qabul qilingan Filial xodimlariga oldingi ish joyidagi barcha ustama va qoʻshimcha toʻlovlar, tibbiy xizmat koʻrsatishning imtiyoz va shartlari ularni tegishli organning amaldagi kadrlar zaxirasiga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazgan holda saqlab qolinadi;
Filialning xodimlariga Toshkent davlat yuridik universitetining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari tatbiq etiladi;
Filial xodimlariga martaba darajalari va uzoq yillik xizmati uchun ustama va qoʻshimcha toʻlovlar toʻlash boʻyicha xarajatlarni byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalarining martaba darajalari qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi;
oʻz xizmat vazifalarini vijdonan va samarali bajargan Filial xodimlariga direktor buyrugʻi asosida Vasiylik kengashi bilan kelishgan holda tarif stavkasining 200 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin;
Filial xodimlariga tarif stavkasining 200 foizigacha boʻlgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalarni toʻlash uchun mablagʻlar Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universitetining byudjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ajratiladi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Filialni begʻaraz foydalanish huquqi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutining Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Quloqtepa koʻchasi, 9-uyda joylashgan bino va inshootlarida joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 sentyabrga qadar hududlarning yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda Toshkent davlat yuridik universitetining hududiy filiallarini tashkil etish yuzasidan takliflarni kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi va Milliy gvardiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Jizzax politexnika instituti negizida mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining oliy noyuridik maʼlumotga ega boʻlgan xodimlarini qayta tayyorlash sayyor kurslarini tashkil etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi bilan birgalikda Toshkent shahar hokimiyati koʻmagida ikki oy muddatda chet el oʻquv markazlari va taʼlim muassasalariga tanishuv safarlarini tashkil etishni nazarda tutgan holda poytaxt hududining huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yuridik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribaning oʻrganilishini taʼminlasin;
manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
12. Toshkent shahar hokimi belgilangan tartibda Filial bino va inshootlarining zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilinishini hamda yuklatilgan vazifalarning oʻziga xos jihatlari va taʼlim oluvchilarning yashashini inobatga olgan holda uning ishini samarali tashkil etish uchun zarur boʻlgan mebel, oʻquv-laboratoriya va kriminalistik uskunalar, kompyuter texnikasi va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishini taʼminlasin.
13. Filialga ikkita yengil, shu jumladan, bitta shaxsan biriktirilgan avtotransport vositasi taʼminoti uchun limit belgilansin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov va Toshkent shahar hokimi J.A.Artikxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019 yil 7 fevral