O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar kovorking-markazi tashkil etildi
2019-02-07 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining moliyaviy koʻmagida Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar kovorking markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2909-sonli qarori hamda “Yoshlar kelajagimiz” davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining moliyaviy koʻmagida 2019-yil 5-fevral kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalar kovorking markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Ushbu markaz ochilishi sharafiga mehmonlar tantanali ravishda ramziy qizil tasmalarni kesdilar, soʻngra Arxitektura fakulteti bitiruvchilariga diplom topshirish marosimi oʻtkazildi.
Kovorking markazining ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Madjidov Inomjon Urushevich, Oʻzbekiston meʼmorlar uyushmasi raisi oʻrinbosari Tadjiyev Asomiddin Djalolovich, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi Qoʻldoshev Azamiddin Tursunovich ishtirok etdilar.
Kovorking markazi – bu qiziqarli arxitektura loyihalar ustida ishlash uchun yaratilgan maxsus joy. Bu yerda hamfikr insonlarni topish, mustaqil yoki guruh bilan ishlagan holda tajriba almashish va oʻz gʻoyalarini rivojlantirish mumkin. Toshkent arxitektura-qurilish instituti talabalari hamda professor-oʻqituvchilari tomonidan kovorking markazining dizayn loyihasidan tortib, to xonaning ichki bezagigacha boʻlgan ishlar amalga oshirilgan.
Endilikda loyihalash yoki jamoat ishlari bilan shugʻullanish istagi boʻlgan institut talabalari uchun bemalol foydalanish imkoniyati mavjud. Markaz har xil shaklga ega boʻladigan (transformer) mebel, taqdimot uskunalari, markerli taxta (doska)lar bilan jihozlangan hamda arxitektorlar uchun barcha zamonaviy dasturlar oʻrnatilgan ikkita alohida kompyuter xonalari mavjud.
- Ushbu kovorking markazi Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari orasida hamda Shayxontohur tumanida ilk kovorking markazi ekanligini alohida taʼkidlab oʻtish kerak. Yaqin vaqtlar ichida Toshkent arxitektura-qurilish institutining yangi binosi qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda yoshlarning tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida talabalar faoliyat yuritishlari uchun katta hudud ajratiladi. Bizning institut talabalari jamoat ishlarida faol ishtirok etayotganidan xursandmiz. Institut rahbariyati sizlarning gʻoya va tashabbuslaringizni har doim qoʻllab-quvvatlaydi, - deya taʼkidladi rektor R.R.Hakimov.