Oʻzbekistonda jadal iqtisodiy islohotlar kechmoqda. Bu jarayonning muvaffaqiyatini sohaga innovatsion tendensiyalar joriy etilishi, kreativ gʻoyalarning amaldagi tatbigʻi bilan izohlash toʻgʻri boʻladi. Albatta, iqtisodning rivojlanishi aholi bandligini taʼminlash, demak turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi. Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlar zamirida ham aholiga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadi mujassam.
Prezidentimizning 2018 yil 14 iyuldagi “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjatga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yangi ish oʻrinlari tashkil etishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalari tashkil etildi. Bu jamgʻarmalar qishloqlarda doimiy ish oʻrinlari tashkil etuvchi tadbirkorlik subyektlarini kreditlar bilan qoʻllab-quvvatlash uchun respublikaning tijorat banklarida kredit liniyalari ochishga yordam beradi. Ishchi kuchi koʻp boʻlgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyadi.
Qarorga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarishdan har oyda tushadigan 40 foizgacha boʻlgan miqdordagi daromadlar jamgʻarmalar mablagʻlarini shakllantiruvchi manbalardan biri etib belgilangan.
Qaror qabul qilinadi, biroq uning ijrosi taʼminlanmasa yoki yuzaki yondashilsa asl maqsadga erishib boʻlmasligini yaxshi bilamiz. Shu maʼnoda hududlardagi ayrim rahbarlarimiz sustkashlikka yoʻl qoʻyayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Qaysi viloyatda aholi oʻrtasida ishsizlik darajasi baland boʻlsa, oʻsha hududda belgilangan vazifalar oʻta sustkashlik bilan ijro etilayotganini kuzatish mumkin. Fikrimizni misol bilan davom ettiramiz. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari prognoz koʻrsatkichlarini oshirib bajargan boʻlsa-da, shu paytga qadar qarorda belgilangan mavjud tushumlardan 40 foizli mablagʻ hududiy jamgʻarmalarga hozirgacha toʻliq oʻtkazib berilmagan. Vaziyat qay holatda ekanligini yanada aniqroq tasavvur qilish uchun “oʻjar” raqamlarga murojaat qilamiz.
Shu kungacha oʻtkazilishi kerak boʻlgan 40 foizli mablagʻdan eng past koʻrsatkich Toshkent shahri (0,2 foiz), Surxondaryo viloyati (0,6 foiz), Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Samarqand viloyati (1,5 foizdan) ulushiga toʻgʻri keladi. Andijon viloyatida esa hech qanday ish qilinmagan. Vaholanki, 2018 yilda bu viloyat mahalliy byudjet daromadlarining prognoz koʻrsatkichidan oshirib bajarilgan qiymati 4 trillion 607 milliard soʻmdan ortiqdir.
Maʼlumotlarga qaraganda, faqatgina Buxoro (22,3 foiz) va Navoiy (16,3 foiz) viloyatlarida ushbu jamgʻarmaga tushgan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha 6,5 ming va 3,4 ming doimiy yangi ish oʻrni tashkil qilingan. Natijada bu viloyatlarda yosh yigit-qizlarimiz, xorijdan va harbiy xizmatdan qaytgan fuqarolar, ijtimoiy yordamga muhtoj va koʻp bolali ayollar ish bilan taʼminlangan.
Toʻgʻri, hududiy jamgʻarmalarning mablagʻlarini shakllantirishda boshqa manbalar ham koʻrsatilgan. Biroq ular orasida mahalliy hokimliklar ulushi asosiy va salmoqli oʻrinni egallaydi. Masalaning muhim tomoni shundaki, davlatimiz rahbari tomonidan aholi bandligi darajasini yanada oshirish va munosib ish oʻrinlari sonini sezilarli darajada koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarga hokimliklarning ana shunday sustkashligi toʻsiq boʻlmoqda. Vaziyat bu tarzda davom etsa, aholi daromadlari, ularning turmush darajasi va sifatini qoniqarli oshirishga qachon erishamiz? Balki shu kabi omillar ham ayrim joylarda aholining ish izlab ketayotgani, turli soliq va kommunal toʻlovlarning oʻz vaqtida toʻlanmay qolishiga sabab boʻlayotgandir.
Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamisha dolzarb vazifa boʻlib kelgan. Mahalliy hokimliklar hududning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, shu asosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalarda yangi ish oʻrinlari tashkil etishga tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan mikrokreditlarning manzilliligini taʼminlashni kuchaytirishi lozim. Birinchi navbatda, kam taʼminlangan oila aʼzolarini yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlik sohasiga, kasanachilikka, qishloq joylarda esa shaxsiy tomorqa xoʻjaliklari asosida iqtisodiy faollikka jalb etishga qaratilgan tadbirlar va mexanizmlar ishlab chiqilishi kerak boʻladi. Joriy yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deya nomlangani bejiz emas. Zero, bu yilda tadbirkorlik, biznes uchun yanada qulay muhit yaratish, yangi ish oʻrinlari, aholi daromadlarini koʻpaytirish va pensiya taʼminotini yaxshilash boʻyicha ham koʻp ishlar qilinadi.
Ijtimoiy rivojlantirish masalalari, albatta, aholi bandligi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, daromadlar turmush darajasi oshishiga olib keladi. Ishsizlikni kamaytirish, odamlarga munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi bir qator masalalar Prezidentimizning 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham oʻz aksini topdi. Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan aholi bandligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu masalalarda joylarda mahalliy ijro hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ham faollik koʻrsatmasa, koʻzlangan maqsadga erisha olmaymiz.
Xalq manfaati yoʻlida qabul qilinayotgan davlat qarorlarini amalga tatbiq etish, ularni jamiyat hayotiga olib kirish va ijrosini tizimli ravishda taʼminlash uchun har bir mutasaddi tashkilot oʻz masʼuliyatini toʻliq his qilishi lozim.
Bahodir UMURZOQOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
bandlik va mehnat munosabatlari
vaziri oʻrinbosari