Samarqand veterinariya meditsinasi institutida Janubiy Koreyaning Konkuk universiteti prezidenti Min Sangi boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Institut rektori X.Yunusov mehmonlarga oʻtgan yili tashkil etilgan mazkur oʻquv yurtining maqsad va vazifalari, taʼlim jarayoni haqida maʼlumot berdi. Veterinariya va chorvachilik sohasi uchun zamonaviy bilimlarni egallagan oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi.
Janubiy koreyalik mehmonlar institut taʼlim yoʻnalishlari bugungi kun uchun dolzarb ahamiyatga egaligini qayd etdi. Bu borada hamkorlikda ishlash, professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, masofaviy taʼlim imkoniyatlari, zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish yuzasidan fikr almashildi. Atroflicha tanishuv va muhokamalardan soʻng ikki oliy oʻquv yurti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Bu hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli boʻlib, muassasalarimizning istiqboldagi rejalarini amalga oshirish, birgalikda oʻquv dasturlari tayyorlash va ularni takomillashtirish, ilmiy hujjatlar va adabiyotlar almashishga xizmat qiladi, – deydi Konkuk universiteti prezidenti Min Sangi. – Bu aloqalarni qoʻshma konferensiya, seminar va simpoziumlar uyushtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan yanada mustahkamlaymiz.
Mehmonlar tashrif davomida Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.
Gʻ.Hasanov, OʻzA