O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Boʻlajak RECCA VIII vazirlar uchrashuviga bagʻishlangan muvofiqlashtiruvchi yigʻilish toʻgʻrisida

2019-02-06 | Siyosat

Oʻzbekistonning Afgʻonistondagi Elchixonasi bergan maʼlumotlarga koʻra 2019-yilning 3-fevral kuni Qobul shahrida 20 dan ortiq davlatlarning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hamda qator xalqaro tashkilotlarning vakillari ishtirokida Afgʻoniston yuzasidan iqtisodiy hamkorlik qilish boʻyicha Mintaqaviy konferensiyaning (RECCA) birinchi muvofiqlashtiruvchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Afgʻoniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy nutq soʻzlab, Oʻzbekistonning Afgʻoniston yoʻnalishidagi tashabbuslariga yuqori baho berdi, ularning RECCA doirasidagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlariga toʻliq mos kelishini va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Afgʻoniston TIV rahbari Oʻzbekiston Hukumati taklifiga binoan RECCA VIII vazirlar konferensiyasi 2019-yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida oʻtkazilishini eʼlon qildi.

2019-yil 12-yanvar kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqotining Afgʻoniston ishtirokidagi birinchi vazirlar yigʻilishi haqida soʻzlay turib, Vazir “Afgʻoniston hamma narsadan ham koʻproq barqarorlikka muhtoj. Samarqanddagi uchrashuv esa mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish bilan bogʻliq muammolarni muhokama qilish uchun muhim platforma vazifasini oʻtadi”, – deya qayd etdi.

Oʻzining yigʻilishdagi chiqishida Oʻzbekiston Elchisi Yodgorxoja Shadmanov Afgʻonistonning iqtisodiy tiklanishiga, uning umummintaqaviy jarayonlarga qoʻshilishiga har tomonlama koʻmaklashish borasidagi mamlakatimizning saʼy-harakatlari haqida hamda Afgʻoniston tomoni bilan birgalikda “Mozori-Sharif – Hirot” temir yoʻl liniyasini, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini barpo etish kabi yirik infrastruktura loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

Yigʻilish doirasida Afgʻoniston poytaxtida joylashgan RECCA tadqiqot va tahlil markazining rasmiy ochilish marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Muvofiqlashtiruvchi yigʻilish qatnashchilari Toshkent shahrida boʻladigan konferensiyaning yuqori darajada oʻtishiga umid bildirishdi.

Поделиться