O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BMT Bosh kotibining Afgʻonistondagi Maxsus vakili bilan uchrashuv
2019-02-05 | Siyosat
2019-yilning 5-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Afgʻonistonga yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Tadamichi Yamamotoni qabul qildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan UNAMA oʻrtasidagi hamkorlikning, jumladan Afgʻonistonda xavfsizlik va mustahkam rivojlanishni taʼminlash, tinchlik va barqarorlikni oʻrnatish sohalaridagi munosabatlarning asosiy yoʻnalishlari boʻyicha fikr almashildi.
Tadamichi Yamamoto BMT va uning institutlari, xususan UNAMA, Afgʻonistonda tinchlik jarayonini boshlash va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi, infrastruktura loyihalarini amalga oshirish hamda uni mintaqaviy hamkorlikka jalb qilishga oid saʼy-harakatlari borasida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligi ostida Oʻzbekiston olib borayotgan izchil siyosatni maʼqullashini va qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
TIV rahbari Oʻzbekiston tomonining tinchlik jarayonining har qanday bosqichida mamlakat hududida Afgʻoniston Hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni oʻtkazish uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuvda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham muhokama qilindi. Xalqaro terrorizm, uyushgan transmilliy jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy savdosidan kelib chiqayotgan jiddiy tahdidlar va xavf-xatarlarga qarshi kurashish uchun hamkorlikni mustahkamlashdan tomonlarning oʻzaro manfaatdorligi tasdiqlandi.
Suhbatda BMT Rezident-koordinatori, Taraqqiyot dasturining Doimiy vakili Helena Freyzer ishtirok etdi.