Poytaxtimizda dzyudo boʻyicha 1999-2000 yillarda tugʻilgan yigit-qizlar oʻrtasida xalqaro turnir oʻtkazildi.
Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan mazkur musobaqada polvonlarimizdan tashqari qoʻshni Qozogʻiston va Tojikistondan kelgan sportchilar ham ishtirok etdi. Musobaqada 400 dan ortiq dzyudochi 15 vazn toifasida oʻzaro raqobatlashdi.
Oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslarda Timur Abishev, Azizbek Avazmurodov, Jaloliddin Qurbonmurodov, Muzaffarbek Toʻraboyev va Jamshid Baxtiyorov mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib, oltin medalni qoʻlga kiritdi.
– Ushbu anʼanaviy turnirda ishtirok etib gʻalabani qoʻlga kiritganimdan xursandman, – deydi J.Qurbonmurodov. – Musobaqada 81 kilogrammgacha vazn toifasida ishtirok etdim. Bahslar keskin va murosasiz oʻtgan boʻlsa-da, murabbiylarimning dono maslahati hamda koʻrsatmalari menga oltin medalni keltirdi. Kelgusida Olimpiya oʻyinlarida gʻalaba qozonishni oldimga maqsad qilib qoʻyganman.
Qizlar oʻrtasidagi bahslarda sportchilarimizdan Marjona Salohitdinova, Sita Qadamboyeva, Nilufar Ermagambetova, Maftuna Roʻzimova, Shohista Nazarova, Shohista Anorova, Rinata Ilmatova shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy oldi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA