O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bayonot
2019-02-04 | Jamiyat
Joriy yilning 28-yanvar kuni “Ozodlik” portalida maqola eʼlon qilingach, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat huquq inspeksiyasi tomonidan ushbu vaziyat zudlik bilan tekshirildi.
Maqolada Tashkent Cityning bosh pudratchisi – Discover Invest MCHJ mehnat qonunchiligiga zid ravishda ishchilar mehnat huquqini poymol etayotgani taʼkidlangan.
Shunga muvofiq, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 31 yanvardagi Buyrugʻiga binoan tuzilgan 4 kishidan iborat ishchi guruhi 1 fevral kuni mazkur vaziyatni belgilangan tartibda oʻrganib chiqdi.
Oʻrganish natijasida quyidagilar maʼlum boʻldi:
Birinchidan, mehnat huquq inspektorlari tomonidan tekshirilganda “Tashkent city” hududida faqat ikkita obyektda (5 va 8-lotlar) qurilish ishlarini olib borayotgan Discover Invest MCHJ xodimlari – ishchilari oʻrtasida, maqolada keltirilganidek, ish tashlash, dam olishsiz mehnat qilish, oylik ish haqlaridan ushlab qolish singari mehnat qonunchiligiga zid holatlar aniqlanmagan. 2017-yil 3-yanvarda ish beruvchi va mehnat jamoasi kengashi vakili oʻrtasida tasdiqlangan ichki mehnat tartib qoidalari boʻyicha 6 kunlik ish haftasida ishlovchi xodimlar uchun 7 soatlik ish kuni, yaʼni soat 9:00 dan 17:00 ga qadar (shanba kuni 9:00 dan 15:00 ga qadar) mehnat qilish belgilab qoʻyilgan (3.5-bandida) va shu tartibda ish olib borilmoqda. Masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida, ushbu obyekt direktori M.Sagdullayev, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi muhandisi Z.Qozoqov, ish boshqaruvchi (prorab) M.Sattarov, payvandchi B.Sodiqov va ishchi Z.Shavqiyevlar bilan suhbat oʻtkazilib, ulardan tushuntirish xatlari olindi.
Ikkinchidan, Discover Invest MCHJning “Tashkent city” hududida mehnat qilayotgan 1400 dan ortiq ishchilari bilan tegishli tartibda mehnat shartnomasi tuzilgan, ish haqlari belgilangan muddatda toʻlangan, tekshiruv davomida majburiy mehnat holatlari va ish haqidan qonunchilik talablariga zid ravishda ushlab qolish holatlari aniqlanmadi.
Uchinchidan, qurilish obyektlarida mehnatni muhofaza qilish choralari koʻrilgan, xodimlar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan taʼminlangan, sanitariya va gigiyena talablariga javob beradigan yotoq joylar va oshxona mavjud, korxona hisobidan nonushta, tushlik va kechki ovqat tashkil etilgan. Ishchilar soni koʻp boʻlgani sabab, navbat boʻyicha ovqatlanish yoʻlga qoʻyilgan, unga koʻra nonushta 8:00 dan 9:00 gacha, tushlik 12:00 dan 14:00 gacha va kechki ovqat 17:00 dan 18:00 gacha beriladi.
Qolaversa, Discover Invest MCHJda mehnat sharoitlari boʻyicha ish oʻrinlari attestatsiyadan oʻtkazilgan. Laboratoriyaning shahodatlash guvohnomasi hamda mehnat shart-sharoitlari boʻyicha ekspert xulosalari mavjud.
Biroq Discover Invest MCHJda ish beruvchi va mehnat jamoasi kengashi vakili oʻrtasida 2017 yil 3 yanvarda ichki mehnat tartib-qoidalari tasdiqlangan boʻlsa-da, ushbu ichki mehnat tartib qoidalari bilan xodimlar toʻliq tanishtirilmagan.
Shuningdek, Discover Invest MCHJ tomonidan olib borilayotgan qurilishda ayrim binolarning yuqori qavatlaridagi baʼzi joylarda himoya toʻsiqlari oʻrnatilmagan, binoning qavatlarida kommunikatsiya oʻtkazish uchun moʻljallangan 4 ta holatda tirqish (proyom)larga himoya toʻsiqlari qoʻyilmagan. Bundan tashqari, poydevor uchun qazilgan oʻra (kotlovan) atrofiga himoya toʻsiqlari toʻliq oʻrnatilmagan, natijada ayrim ish joylarida xavfli mehnat sharoiti vujudga kelgan.
Aniqlangan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha yozma koʻrsatma berildi va uch kun ichida bajarilishi nazoratga olindi.