Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi: Muzokaralar intellektual mulk muhofazasi masalalaridan boshlandi
Mamlakatimizga Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida bugun, 4 fevral kuni poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik boʻyicha yangi kelishuv loyihasiga bagʻishlangan ikki tomonlama muzokaralarning birinchi bosqichi boshlandi.
Kunning birinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktori Alisher Fayzullayev va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining savdo masalalalari boʻyicha vakili R.Zarnauskayte boshchiligida tomonlar oʻzaro savdo aloqalarida intellektual mulk muhofazasiga doir masalalarni koʻrib chiqdi.
Oʻzaro muloqotda Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktori Alisher Fayzullayev mamlakatimizda intellektual mulkni muhofaza qilishda xalqaro integratsiyaning yoʻlga qoʻyilganligi, xususan Oʻzbekiston Bern konvensiyasi va boshqa koʻplab xalqaro shartnoma va bitimlarga aʼzoligini taʼkidladi.
– Oʻzaro savdo munosabatalarida intellektual mulk muhofazasi biz uchun manfaatli va muhim boʻlgan masalalardan, – dedi Yevropa Ittifoqining delegatsiyasining savdo masalalari boʻyicha vakili R.Zarnauskayte. – Umid qilamizki, bu borada boshlagan muzokaralar tomonlar kutgan natijalarni beradi.
Ikki tomonlama muzokaralar davom etadi.
Malohat Husanova, OʻzA