O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Janubiy Koreya delegatsiyasi Namanganda
2019-02-04 | Siyosat
Koreya Respublikasining Chxunchxon-Pukto provinsiyasi gubernatorining xalqaro aloqalar boʻyicha elchisi Jang Myung Soo boshchiligidagi provinsiya rahbariyati va ishbilarmonlaridan iborat delegatsiya Namangan viloyatida boʻldi.
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasida mustahkamlanib borayotgan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlik, ochilayotgan yangi imkoniyatlar haqida fikr almashildi. Tomonlar oʻz hududining ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-intellektual salohiyati va resurslari haqida batafsil maʼlumot berdi.
– Viloyatimiz sarmoya kiritish uchun qulay hududda joylashgan, – dedi Namangan viloyati hokimining investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari U.Yunusov. – Buni ayni paytda xorijiy investitsiya ishtirokidagi 140 ga yaqin korxona faoliyat yuritayotgani misolida ham koʻrish mumkin. “Kosonsoy-Farm”, “Namangan” erkin iqtisodiy zonalari, bundan tashqari, 10 ta kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Yaqinda “Hyunday” korxonasiga poydevor qoʻyildi. Biz Janubiy Koreya bilan shu kabi yirik loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin.
– Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yili Koreya Respublikasiga tashrifi hamkorligimizni yangi yoʻnalishlar bilan boyitdi, – dedi Jang Myung Soo. – Oʻzbekistonda bundan oʻn besh yil avval boʻlganman. Namanganga esa birinchi marta kelishim va oʻylaymanki, uchrashuvimizda Chxunchxon-Pukto va Namangan viloyati oʻrtasidagi istiqbolli hamkorlikka mustahkam zamin yaratiladi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, elektronika, elektrotexnika, farmatsevtika, toʻqimachilik va oziq-ovqat sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berish, hududlar oʻrtasida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Mehmonlar tashrif davomida Namangan shahrida barpo etilayotgan “Afsonalar vodiysi” bogʻidagi bunyodkorlik ishlari, Namangan xalqaro aeroporti, “Istiqlol dizayn markazi” kabi diqqatga sazovor joylar va eksportchi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), OʻzA