O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xorijlik ekspert Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga maslahatchi sifatida oʻz faoliyatini boshladi
2019-02-04 | Ta’lim
Jahon banki hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Oliy taʼlimni modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida taʼlim sifatini oshirish boʻyicha xalqaro ekspert Bastian Bauman Oliy taʼlim tizimida taʼlim sifatini oshirish va uning xalqaro raqobatdoshligini taʼminlash masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maslahat kengashiga qabul qilindi.
Maʼlumki, mamlakatimiz rahbarining 2019-yil 16-yanvardagi “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi 4119-sonli qarori asosida Davlat inspeksiyasi tarkibiy tuzilmasiga maslahatchilar kengashi kiritildi. “Davlat inspeksiyasi faoliyatida taʼlim sifatini xalqaro darajada koʻtarish, tan olingan xorijiy tajribalarni milliy taʼlim tizimi xususiyatlarini inobatga olgan holda joriy etish, bu borada boshqa davlatlar yoʻl qoʻygan xatolarni takrorlamaslik, milliy taʼlim tizimini xalqaro taʼlim tizimiga integratsiyasini jadallashtirish kabi ustuvor vazifalar belgilangan boʻlib, bu vazifalarni sifatli bajarish maqsadida taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha xalqaro darajada tan olingan ekspert Bastian Bauman maslahatchilar kengashiga qabul qilindi. U oʻzining uzoq yillik tajribasi va malakasi bilan taʼlim sifatini xalqaro daraga koʻtarishda bizga koʻmaklashadi” -deb taʼkidladi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi U.Tashkenbayev.
Maʼlumot oʻrnida: Bastian Bauman – Xalqaro darajadagi huquqshunos, oliy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha Yevropa sifat kafolati agentligi(EQAA) boshqaruvchi direktori boʻlish bilan bir qatorda quyidagi nufuzli xalqaro tashkilotlarda ekspert lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda: DAAD (Germaniya akademik almashinuv xizmati), ADEC (Abu-Dabi milliy sifatni kafolati agentligi), EQE (Gruziya milliy sifat kafolati agentligi), QQA (Bahrayn milliy sifat kafolati agentligi), SKVC (Litva milliy sifat kafolati agentligi) va boshqalar. Shuningdek Belorussiya, Misr, Ozarbayjon, Qozogʻiston kabi davlatlarda oliy taʼlim tizimida islohotlar qilinishida katta hissa qoʻshgan, bu borada 17 yillik ish tajribasiga ega.
ozirda tajribali ekspert boshchiligida quyidagi yoʻnalishlarda ishlar amalga oshirilmoqda:
Taʼlim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Boisi, hozirda 2006-yil 10-fevralda Vazirlar mahkamasining 21-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalari va nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” asosida ish yuritib kelinmoqda. Lekin mazkur qarorning koʻplab bandlariga qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritilganligiga qaramay, uning mazmun-mohiyati hozirgi shiddat bilan ilgarilab borayotgan taʼlim tizimi talablariga deyarli mos kelmasligi tez-tez koʻzga tashlanib turibdi.
Bu borada mamlakat rahbarining “Taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar” toʻgʻrisidagi 4119-sonli qarorida taʼkidlanishicha 2019-yil 1-aprelga qadar ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish natijalariga koʻra, taʼlim muassasalarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish boʻyicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilishi koʻzda tutilgan. Rejadagi qaror loyihasi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan boʻlib, undagi barcha qismlar xalqaro ekspert ishtirokida koʻrib chiqilmoqda, xususan janob Baumanning koʻp yillik faoliyati davomida egallangan malaka va tajribalari asosida yanada takomillashtirilmoqda.
Shuningdek ish jarayonida “Oliy taʼlimni modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida asosan Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimining boshqaruv salohiyatini mustahkamlash, mehnat bozorida kadrlar sifati, dolzarbligi va tanlangan oliy taʼlim muassasalarining oʻquv muhitini yaxshilash borasida muhokamalar olib borilmoqda.