O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mehnat muhofazasi boʻyicha jamoa vakillari oʻqitildi
2019-02-01 | Jamiyat
Joriy yilning 21-25-yanvar kunlari Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining Oʻquv markazida Oʻzbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi boshlangʻich tashkilotlarda faoliyat yuritib kelayotgan mehnat muhofazasi boʻyicha vakillar uchun malaka oshirish oʻquvi oʻtkazildi.
Oʻquv jarayonida 24 nafar tinglovchilar ishtirok etishib, ularga Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish” toʻgʻrisidagi Qonuni (yangi tahriri), Korxona va tashkilotlarda saylangan mehnat muhofazasi boʻyicha vakillarning asosiy vazifalari va huquqlari, Kasaba uyushmalarining mehnatni muhofaza qilish boʻyicha komissiyasining mehnat muhofazasi holatlari yuzasidan jamoatchilik nazorati boʻyicha vazifalari va faoliyati, Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida, Xalqaro Mehnat Tashkilotining Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Konvensiyalari va ularni kasaba uyushmalar tomonidan qoʻllash amaliyoti, Mehnatda jarohatlangan va boquvchisini yoʻqotgan shaxslarga zarar toʻlovlarini toʻlash tartibi hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish kabi mavzular boʻyicha tegishli tushuntirishlar berildi.
Mehnat muhofazasi boʻyicha vakillar “Asaka” aksionerlik-tijorat bankining Avtotransport filialida amaliy mashgʻulot oʻtildi. Mashgʻulot jarayonida.
– kasaba uyushmasi qoʻmitasi mehnat muhofazasi boʻyicha komissiya raisining faoliyati;
– mehnat muhofazasi boʻyicha vakillar tomonidan olib boriladigan ishlar toʻgʻrisida;
– jamoa shartnomasida mehnat muhofazasi Bitimi tadbirlarini amalga oshirish jarayonlari bilan tanishtirildi;
– ish joylarida yaratilgan sharoitlar, baxtsiz hodisalarni oldini olishda kasaba uyushmalarining vazifalari toʻgʻrisida tushuntirish berildi.
Shuningdek, tinglovchilar uchun “Muqumiy” nomidagi akademik drama teatrida madaniy tadbir tashkil etildi.
Shuningdek, oʻquv mashgʻuloti yakunlari boʻyicha test sinovlari oʻtkazildi, test natijalari boʻyicha tinglovchilarga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Oʻquv markazi tomonidan “Guvohnoma”lar topshirildi.