O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Adliya vazirligi 15-fevralga qadar Respublika boʻylab manzilli targʻibot tadbirlarini oʻtkazishni boshladi
2019-02-01 | Jamiyat
Barchamizga maʼlumki, mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlar zamirida avvalo inson, uning huquq va manfaatlari yotadi. Soʻnggi yillarda inson, uning huquqi, erkinligi, qonuniy manfaatlarini taʼminlash maqsadida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Lekin yaratib berilayotgan bu imkoniyatlar, shart-sharoitlardan fuqarolarimiz xabardormi, ular oʻz haq-huquqlarini bilishadimi?
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, qonunlarni qabul qilish – bu ishning bir qismi, xolos.
Asosiy masala – qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va masʼul ijrochilarga oʻz vaqtida yetkazish, ularning ijrosini toʻgʻri tashkil etish hamda qonun talablariga qatʼiy amal qilishni taʼminlashdan iboratdir.
“Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni qabul qilinishidan koʻzlangan asosiy maqsad ham shu.
Bu borada amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda qayd etish joizki, hali bu sohada qilinadigan ishlar talaygina. Ayniqsa, umumiy targʻibotdan fuqarolarni bezovta qilayotgan masalalar boʻyicha targʻibotga oʻtish davri keldi.
Mahallalarda eng dolzarb, aholini qiziqtiradigan va murojaatlarda koʻtarilayotgan muammoli masalalarni tahlil qilish va tahlil natijasiga koʻra manzilli va predmetli huquqiy targʻibotni amalga oshirish, aholiga qonun hujjatlari mazmun va mohiyatini yetkazish boʻyicha choralar koʻrishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.
Adliya vazirligi tomonidan 15-fevralga qadar butun Respublika boʻylab tashkil etilayotgan manzilli targʻibot tadbirlarining maqsadi ham fuqarolar, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishdir.
Bunda, targʻibot tadbirlari ikki yoʻnalishda tashkil etilmoqda.
Birinchi yoʻnalishda Xalq taʼlimi vazirligi, Qurilish vazirligi, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi hamda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi va ularning hududiy tuzilmalarida ishlovchi xodimlarga soha faoliyatiga oid qonunchilik mohiyati yetkazilishi bilan bir qatorda ularning mehnat va boshqa huquqlari ham tushuntirilmoqda
Ikkinchi yoʻnalishda esa, turli aholi toifalari yoshlar, tadbirkorlar, uy bekalari, pensionerlar, mehnat migrantlari orasida tegishli qonun hujjatlarining mazmuni yetkazish bilan bir qatorda ularning qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasi ham monitoring qilib borilmoqda.
Shu maqsadda, vazirlikning malakali mutaxassislari, tajribali pedagog-professorlardan iborat tarkibda maxsus ishchi guruh tuzildi.
Bilamizki, shu kabi targʻibot tadbirlarining asosan matnli koʻrinishda tashkil etilayotganligi ularning samaradorligini salbiy taʼsir qiladi.
Shu sababli manzilli targʻibot tadbirlarini tashkil etishda qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazishda koʻrgazmali materiallardan foydalanish, sxematik ifodalashni qoʻllashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirlar davomida huquqiy targʻibot sohasiga masʼul xodimlarga manzilli huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha mahorat darslari oʻtkaziladi, ularga tegishli yoʻl-yoʻriqlar beriladi.
Hozirda Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Fargʻona viloyatlarida manzilli targʻibot tadbirlari boshlab yuborildi.
Qonunlar mohiyati va ahamiyatini xalqimiz va ijrochilarga oʻz vaqtida taʼsirchan usullarda yetkazish boʻyicha tashkil etiladigan bu kabi tadbirlar aholining qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasini oshirish bilan bir qatorda jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.