O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Elchisi Lyuksemburg Buyuk gersogiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2019-02-01 | Siyosat
2019-yilning 30-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Elchisi Dilyor Xakimov (qarorgohi Bryussel shahrida) Lyuksemburg Buyuk gersogi Anriga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Marosimdan soʻng boʻlib oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston va Lyuksemburg oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Lyuksemburg Buyuk gersogi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga faoliyatida muvaffaqiyatlar tilab, Oʻzbekistonning ochiq tashqi siyosatini, jumladan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning faollashganini maʼqullashini yetkazib qoʻyishni soʻradi. Shu oʻrinda Afgʻonistondagi tinchlik, xavfsizlik va rivojlanishni taʼminlashdagi Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari alohida eʼtirof etildi.
Suhbatda Lyuksemburg Tashqi ishlar vaziri Jan Asselbornning ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish hamda Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston aloqalarini, ayrim mintaqaviy va xalqaro mavzularni muhokama qilish maqsadida Toshkentga amalga oshiradigan tashrifining muhimligi qayd etildi.
Lyuksemburg rahbari ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish uchun ulkan salohiyatning mavjudligini eʼtirof etdi.
Oʻzbekistonning qadimiy tarix va boy madaniyatga ega davlat sifatida dunyoga mashhurligi taʼkidlandi. Oʻzining tarixiy oʻtmishi, buyuk allomalari va meʼmorchilik yodgorliklari bilan butun dunyoda dongʻi ketgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari jahonning boshqa qismlari aholisiga minqataning qadimiy sivilizatsiyasini va “Buyuk ipak yoʻli” tarixini his qilish imkonini beradi.