O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida innovatsion faoliyatga keng yoʻl ochilmoqda
2019-01-31 | Fan
30 yanvar kuni oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari hamda Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish vaziri birinchi oʻrinbosari Sharof Rajjabboyev soʻzga chiqib, oʻtgan 2018 yil davomida innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar borasida soʻzlarkan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 maydagi qaroriga asosan, tayinlangan 36 nafar ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilm-fan boʻyicha direktor oʻrinbosarlari hamda 78 nafar oliy taʼlim muassasalarining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari faoliyati monitoring qilingani haqida maʼlumot berdi.
Mana shu qisqa muddat davomida tashabbuskorligi, erishgan natijalariga koʻra alohida ajralib turgan prorektorlar va direktor oʻrinbosarlaridan 17 nafari, jumladan, Andijon davlat universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Jizzax politexnika instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Navoiy davlat pedagogika instituti, Namangan davlat universiteti, Fargʻona davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Termiz davlat universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent kimyo texnologiya instituti, Oʻzbekiston milliy universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlari hamda Umumiy va noorganik kimyo instituti, Bioorganik kimyo instituti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti Urganch filialining ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha direktor oʻrinbosarlarining faoliyati Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan namunaviy deb topildi va ular vazirlik tomonidan “Tashakkurnoma”lar bilan taqdirlandilar.
Tadbirda soʻzga chiqqan Buxoro davlat tibbiyot instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Nekqadam Nuraliyev barcha oliy taʼlim muassasalari tuzilmasida innovatsion jamgʻarmalar va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish boʻyicha boʻlinmalar tashkil etilgani yurtimiz ilmiy salohiyatini yuksaltirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlganini taʼkidladi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi mutasaddilari oʻz navbatida aynan shu tadbirga yigʻilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining rahbarlarining shijoat bilan faoliyat yuritishi, ular yaratgan ilmiy ishlanmalarning mamlakat iqtisodiyotiga qay darajada joriy etilishi davlatimiz innovatsion rivojlanishining muhim omili ekanini qayd etdilar. Xususan, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida taʼlim eksporti va investitsiyalarni jalb etish boʻyicha ishlarni rivojlantirish lozimligi aytildi.
Shuningdek oliy taʼlim muassasalarining innovatsion jamgʻarmalarida asosan innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirishdan olinadigan daromadlar hisobiga mablagʻ shakllantirish tizimini keng yoʻlga qoʻyish kerakligiga urgʻu berildi. 2019 moliya yili uchun innovatsion jamgʻarmalarga ajratiladigan mablagʻlarni oliy taʼlim muassasalari toʻlov-kontrakt mablagʻlari boʻyicha daromadlar va xarajatlar smetasida oʻrnatilgan tartibda hisobga olish kerakligiga alohida eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari, fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiyasini kuchaytirish maqsadida har bir OTM yoki ITI maʼlum bir loyiha doirasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi lozimligi taʼkidlandi.