O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xizmatlari markazlari soni yana bittaga koʻpaydi
2019-01-31 | Jamiyat
Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumanida yangi zamonaviy Davlat xizmatlari markazi oʻz eshiklarini ochdi. Mazkur tumanning 51 mingdan ortiq aholisi endi qulay va sifatli davlat xizmatlari olish imkoniga ega. Viloyatga tashrif buyurgan yurtboshimiz bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Yuqori xizmat koʻrsatish standartlari, davlat xizmatlarini olish tartibini soddalashtirish va tezkorligini, fuqarolarni kutish vaqtlari unumli oʻtishini taʼminlash —Davlat xizmatlari markazlari faoliyatini tashkillashtirishda bularning barchasiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Anʼanaga koʻra, har bir ochilayotgan Davlat xizmatlari markazi avvalgisidan qoʻshimcha yaratilgan sharoitlar va joriy etiladigan va sinov tariqasida koʻrsatiladigan yangi xizmatlar bilan farqlanadi. Mirzachoʻl tumani markazi ushbu anʼanani davom ettirdi.
Navbatlari kelguncha yaratilgan kutubxonada fuqarolar qiziqarli kitob oʻqishi, bolalar esa maxsus jihozlangan maydonchada vaqtlarini oʻtkazishi mumkin. Bundan tashqari, markazning oʻzida “Baxt uyi”, tuman adliya boʻlimi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi ham joylashgan.
Shuningdek, Markaz eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish, fuqarolik pasportini olish va almashtirish uchun zarur boʻlgan texnika bilan jihozlangan. Barcha xizmatlar elektron navbat tartibida koʻrsatiladi.
2019-yil mamlakatimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilindi. Mazkur nomlanish barcha sohalarda amalga oshirilishi lozim boʻlgan mezonlarni belgilaydi. Davlat xizmatlari tizimi ham bu jarayondan chetda qolgani yoʻq. Ilk bor yangi Markazda investorlar uchun tashkil etilgan maxsus xona — buning yaqqol misolidir. Bu yerda tadbirkorlar yuridik shaxslarga koʻrsatilayotgan xizmatlar, imtiyozlar, Oʻzbekistonda biznesni ochishning oʻziga xos jihatlari haqida batafsil maʼlumot olishlari mumkin.
Taʼkidlash joizki, Mirzachoʻl tumani aholisining turmush darajasini bosqichma-bosqich yaxshilash, qishloqlar qiyofasini tubdan yangilab, ularning yashash tarzi va turmush darajasiga ijobiy oʻzgarishlarni amalga oshirish, shuningdek, aholi uchun yangi ish joylarini yaratishga qaratilgan “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan ilk hududlar safiga kiradi.
Shubhasiz, ochilgan Davlat xizmatlari markazi, sahrolar oʻrtasida barpo etilgan zamonaviy qishloq — obod Mirzachoʻlning yana bir ajoyib ziynatiga aylanadi.