O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi
2019-01-30 | Siyosat
Bugun mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 81 yilligi keng nishonlanmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, buyuk davlat va siyosat arbobi haykali poyiga gul qoʻydi. Uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 27-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdugʻaniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 25-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi doirasida Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykallari qad rostladi, u kishi uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi, Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy koʻchalarga buyuk Yoʻlboshchimiz nomi berildi.
Gul qoʻyish marosimida parlament va hukumat aʼzolari, fan va madaniyat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Alouddin Gʻafforov, OʻzA