O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahrida Texnopark yaratish maqsadida hindistonlik ekspertni jalb qilmoqda
2019-01-29 | Texnologiyalar
28-yanvar kuni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida hindistonlik ekspert J.Partasarati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. U Toshkent shahrida Texnopark yaratish boʻyicha maslahatchi sifatida hamda uning boshqaruvida konsultativ yordam koʻrsatish maqsadida Oʻzbekistonga jalb qilingan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi oʻrinbosari O.Umarov hindistonlik ekspertning bu kabi AT-Parklarini yaratishdagi ulkan ish tajribasini eʼtirof etdi.
Hindistonda maʼlumotlarni boshqarish markazlari, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha inkubatsiya markazlari singari yirik davlat loyihalari uning rahbarligida amalga oshirilgan. U uzoq vaqt Bangalor (Hindiston)dagi Texnoparkni ham boshqargan. Hozirgi paytda, janob J.Partasarati Hindistonda AT-parklari (STPI) boʻyicha maslahatchi hisoblanadi.
Hindistonlik ekspert Oʻzbekistonda Texnopark yaratilishi va uning muvaffaqiyatli ish olib borishi uchun zarur boʻlgan barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi. U, oʻz oldida turgan asosiy vazifa sifatida Oʻzbekistondagi Texnoparkka axborot texnologiyalari parklarini yaratish va faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hindistonda ishlab chiqilgan ilgʻor, koʻp yillik tajribani joriy etish ekanini alohida taʼkidladi.