O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Maktabgacha taʼlim vazirligi eng yaxshi bolalar personaji yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qiladi
2019-01-28 | Jamiyat
Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda elektron va bosma oʻquv materiallari uchun personajlar (qahramonlar) yaratish boʻyicha tanlov eʼlon qiladi. Tanlov ikki bosqichda boʻlib oʻtadi: birinchi bosqichda xalq tomonidan ovoz berish asosida 10ta eng yaxshi ish tanlab olinadi, ikkinchi bosqichda esa komissiya bitta gʻolib va ikkita sovrindorni tanlab oladi. Bosh sovrin - 10 mln.soʻm.
26-yanvar 2019-y., Toshkent — Maktabgacha taʼlim vazirligi Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda joriy yil 26-yanvaridan 15-fevraliga qadar original qahramonlar yaratish boʻyicha tanlovda ishtirok etish uchun arizalar qabul qiladi. Yaratilgan tasvirlardan bolalar adabiyoti hamda MTVning multimedia mahsulotlarida foydalanilishi mumkin.
Tanlov doirasida ishtirokchilar (yoki ishtirokchilar jamoasi) oʻzbek xalqi madaniyati, anʼanalari va oʻziga xosligi bilan ramziy bogʻliq boʻlgan bolalar personajlari/personajlar guruhi (odamlar, hayvonlar, toʻqima qahramonlar, jonsiz predmetlar)ni yaratishlari lozim.
16.02.2019-y. -20.02.2019-y. oraligʻida www.tanlov.mdo.uz saytida boʻlib oʻtadigan xalq tomonidan ovoz berish, tanlovning shaffofligi va xolisligini taʼminlab beradi. Oʻzbekiston, aholisi yakuniy (final) bosqichga oʻtuvchi 10ta eng yaxshi ishni tanlab beradi. Ovoz yigʻish uchun turli, nohalol usullardan foydalangan ishtirokchilar tanlovdan chiqariladi. Tashkilotchilar eng yaxshi oʻnlikka kirmagan beshtagacha ishni finalga oʻtkazish huquqiga ega.
Yakuniy bosqich ochiq muhokama shaklida oʻtkaziladi. Komissiya uchta eng yaxshi ishni, 14 hududdagi MTM bolalari esa “Bolalar mehrini qozongan ish” boʻyicha gʻoliblarni tanlab oladilar.
Tanlov gʻolib va sovrindorlari faxriy diplom, homiylarning esdalik sovgʻalari, shuningdek MTV pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Birinchi oʻrin — 10 mln. soʻm;
Ikkinchi oʻrin — 6 mln.soʻm;
Uchinchi oʻrin — 4 mln.soʻm.
Tanlovga jismoniy va yuridik shaxslar www.tanlov.mdo.uz da koʻrsatilgan shartlar boʻyicha ochiq oferta shaklida qoʻyiladilar. Har bir ishtirokchidan cheklanmagan miqdorda ishlar qabul qilinadi. Tanlovga oʻz ishini yuborgan shaxs avtomatik tarzda ochiq oferta shartlarini qabul qilgan hisoblanadi.
Tanlovning oʻtkazilish mexanizmi, ishlarga qoʻyiladigan talablar haqida www.tanlov.mdo.uz da batafsil bilib oling.