O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Sogʻliqni saqlash vazirligi: “Sogʻlom hayotga qadam tashla!” aksiyasi boshlandi

2019-01-28 | Sog‘liqni saqlash

Prezidentimizning oʻtgan yil 18-dekabrda qabul qilingan “Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida tibbiy-profilaktika sohasida olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzi, jismoniy faollik va toʻgʻri ovqatlanish madaniyatini keng targʻib etish borasida tizimli vazifalar belgilandi.

Xususan, ushbu yoʻnalishda 2019 – 2022-yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Konsepsiyasi va chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga muvofiq, Sogʻliqni saqlash vazirligi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda shu yilning 25-yanvaridan 25-fevraligacha Toshkent shahrida “Sogʻlom hayotga qadam tashla!”aksiyasi oʻtkazilmoqda. Undan koʻzlangan maqsad aholining tibbiy bilimini oshirish, oʻz sogʻligʻiga boʻlgan eʼtiborini kuchaytirish, toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy faollik hamda tamakidan voz kechish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini olib borishdir. Bu haqda mazkur aksiya oldidan Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytib oʻtildi.

Bir oy davomida oʻtkazilishi rejalashtirilgan mazkur aksiya Toshkent shahrining Mirobod, Yashnobod, Yunusobod va Shayxontohur tumanlarining jamoat joylarida boʻlib oʻtadi. Hududlardagi “Korzinka” supermarketlari, korxona va tashkilotlar, mahallalarda – “Salomatlik maydonchalari”, hududlarda uyushmagan yoshlar bilan “Salomatlik darslari”, taʼlim muassasalarida “Tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz” aksiyalari, alkogol va tamaki mahsulotlarini sotish qoidalariga rioya qilish, tamaki mahsulotlari sotuvini ragʻbatlantirilishini oldini olish hamda ish va jamoat joylarida hamda jamoat transportlarida tamakisiz hudud yaratish boʻyicha ommaviy reydlar olib boriladi. Shuningdek, bu yerda shifokorlar fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, joylardagi oʻquv muassasalari va mahallalardagi yoshlarga tamaki chekishning zararli oqibatlari haqida maʼruzalar qilishadi. 

Shu oʻrinda qayd etish joizki, yuqumsiz kasalliklar mamlakatimiz aholisi salomatligi koʻrsatkichiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmayapti. Maʼlumotlarga koʻra, kamharakatlilik va notoʻgʻri ovqatlanish oqibatida Oʻzbekiston aholisining yarmi ortiqcha vaznga ega, odamlarimizning 46 foizida qon tarkibida meʼyoridan ortiq xolesterin mavjud, 31 foizida qon bosimi yuqori. Yurtimizda dehqonchilik mahsulotlari moʻl-koʻl yetishtirilsa-da, aholi kundalik ovqat ratsionida meva-sabzavot isteʼmoli yetarli emas. Ushbu muammolar tufayli Oʻzbekistonda yillik oʻlim holatlarining 78 foizi aynan yuqumsiz kasalliklar ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Koʻrinib turibdiki, sogʻlom turmush tarziga rioya etish har qachongidan-da dolzarb ahamiyat kasb etyapti.

Sogʻligingizga eʼtiborli boʻlsangiz, aksiyada faol ishtirok eting.

Поделиться