O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyuk Britaniya taʼlim vaziri bilan uchrashuv taʼlim sohasidagi hamkorlikka yanada kengroq imkoniyatlar ochadi
2019-01-28 | Ta’lim
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga asosan Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi 21-25-yanvar kunlari London (Buyuk Britaniya) Jahon taʼlim forumida ishtirok etdi.
Jahon taʼlim forumida 100 dan ziyod davlatlarning taʼlim vazirlari va rasmiylari ishtirok etdi. Jahon forumida taʼlim sohasini rivojlantirish boʻyicha masalalarni qizgʻin muhokama etdilar.
Taʼkidlash lozimki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda boshlangan islohotlar sababli rivojlangan xorijiy mamlakatlar, shu jumladan, Buyuk Britaniya hukumati tomonidan ham mamlakatimizga boʻlgan eʼtibor ijobiy tomonga oʻzgarmoqda.
Misol sifatida, 100dan ziyod mamlakatlar taʼlim vazirliklari rahbarlari Forumda ishtirok etishiga qaramasdan, Buyuk Britaniyaning Maktab standartlari boʻyicha davlat vaziri, mamlakat Parlamentining aʼzosi Nik Gibb tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasiga alohida eʼtibor qaratilib, oʻzaro uchrashuv hamda rasmiy kutib olish tadbirida xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov bilan Oʻzbekistondagi taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil muhokama qilishga imkoniyat boʻldi.
Uchrashuv davomida tomonlar taʼlim sifatini oshirish va mamlakatimizda ingliz tilini oʻqitishni takomillashtirish boʻyicha masalalarni muhokama etdilar.
Nik Gibb Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitish metodikasini takomillashtirish va oʻqituvchilarni malakasini oshirishda koʻmak berishga tayyorligini hamda bu borada Britaniya Kengashi bilan olib borilayotgan ishlarni toʻliq quvvatlashini taʼkidladi.
Ikki davlat vazirlarining uchrashuvi yaqin tarixda ilk bor amalga oshirilgani ham eʼtiborga molik va Buyuk Britaniyaning Oʻzbekistonda boʻlayotgan islohotlarga qiziqishining ortishidan dalolatdir.
Forum doirasida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Buyuk Britaniyaning taʼlim boʻyicha davlat kotibi va parlament aʼzosi Damian Xinds, sobiq taʼlim vaziri va Britaniya Kengashining ingliz tili boʻyicha bosh maslahatchisi Charlz Klark, Buyuk Britaniya xalqaro savdo vazirligi va Britaniya Kengashi vakillari bilan ham uchrashib, Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻrgatishni yanada takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik muhimligini muhokama qildi.
Mazkur uchrashuvlar davomida, Buyuk Britaniya Oʻzbekiston bilan taʼlim sohasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga tayyorligi bildirildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari shu bilan birga Cambridge Assessment International Education, Bridge International Academies, Education First (Shvedsiya) va boshqa tashkilotlar bilan uchrashuvlar oʻtkazdilar.
Xorijiy kompaniya vakillari Oʻzbekiston bilan ingliz tilini oʻqitish, ingliz tili oʻqituvchilari bilimini tekshirish, dars jarayonini onlayn nazorat platformasini, mutaxassislarni ingliz tiliga onlayn oʻqitish tizimini joriy etish hamda boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik qilish niyatini bildirdilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Britaniya Kengashining “Taʼlim siyosati boʻyicha muloqot: yoshlarimiz kelajakka qanday tayyorgarlik koʻryapti“ mavzusidagi dasturda ham ishtirok etdi.