Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan umumxalq ekologik hashari Fargʻona viloyatida ham koʻtarinki ruhda davom etmoqda.
Erta tongdan hasharchilar hududlarni obodonlashtirish, oʻz qishlogʻi, mahallasi, koʻchasi va ziyoratgohlarni tartibga keltirishni boshladi. Ushbu tadbirni milliy qadriyatlarimizga xos tashkil etish va yuqori saviyada oʻtkazishga davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bosh-qosh boʻlmoqda.
– Orolboʻyi mintaqasida ekologik holatni va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida oʻtkazilayotgan mazkur hasharda xalqimizning hamjihatligi yana bir bor namoyon boʻldi, – deydi Oʻzbekiston ekologik harakati Fargʻona viloyat hududiy boʻlinmasi boshligʻi M. Mahmudov. – Hasharda shahar va tumanlarimizda 1 million 400 mingdan ziyod kishining ishtirok etayotgani ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi.
Fargʻonalik yoshlar ham umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etmoqda. Fargʻona davlat universiteti, Fargʻona politexnika instituti talaba-yoshlari oʻzlari tahsil olayotgan maskanni obodonlashtirishga munosib hissa qoʻshmoqda. Qoʻqonlik yoshlar esa xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ishlari doirasida koʻchalar, xiyobonlar va qadamjolarni yana obod qilishga astoydil bel bogʻlagan.
Hashar viloyatdagi 1 ming 36 mahalla fuqarolar yigʻinida ham qizgʻin davom etmoqda. Bunday savobli tadbirga uyushmagan yoshlar ham keng jalb etilgani ularni yurt taqdiri uchun daxldorlik, ertangi kun uchun masʼuliyatni his etish, istiqlol neʼmatlarini koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼsudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov(surat), OʻzA