O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent viloyatida umumxalq ekologik xayriya hashari uyushqoqlik bilan oʻtmoqda
2019-01-26 | Ekologiya
Hashar – xalqimizning mehr-oqibat, hamfikrlik, hamjihatlik, birdamlik va oʻzaro begʻaraz yordam kabi insoniy fazilatlarini tarannum etuvchi azaliy qadriyati hisoblanadi.
Asrlar osha bobolarimiz hashar yoʻli bilan ulkan bunyodkorlik, qurilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan mahallalar, koʻcha va xiyobonlar, muqaddas qadamjolar, xonadonlarni saranjom-sarishtalash, turli xil daraxt va gul koʻchatlarini ekish kabi xayrli ishlarni amalga oshirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 yanvardagi farmoyishiga muvofiq, viloyat boʻylab erta tongdan boshlangan umumxalq ekologik xayriya hashari ham xalqimizning ana shunday ezgu va xayrli amallarining uzviy davomi boʻldi.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hasharda 500 ming nafardan ziyod aholi ishtirok etmoqda. Ularning aksariyatini yoshlar tashkil etgani quvonarlidir.
Hashar doirasida qariyb 4 ming 500 gektardan ortiq maydonni obodonlashtirish, ariq-zovur va lotoklarni tozalash, ziyoratgoh va qabristonlarni tartibga keltirish rejalashtirilgan. Shuningdek, 800 ga yaqin maxsus texnika vositalari yordamida qariyb 5 ming 172 tonna maishiy va qurilish chiqindisi belgilangan joylarga chiqarib tashlanadi. Turarjoy massivlari va mahallalarda keng koʻlamli tozalash-obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi
Eslatib oʻtamiz: mazkur xayriya hasharidan tushgan mablagʻlar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya oʻrmonlarini barpo etish, mintaqada ekologik holatni hamda aholi turmush sharoitini yaxshilash, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish kabi tadbirlarga yoʻnaltiriladi.