O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsiya vazirligida “Orolboʻyi - ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” Konsepsiyasi loyihasi muhokama qilinyapti
2019-01-25 | Ekologiya
Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan qator vazirliklar va idoralar vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi markazi mutaxassislaridan iborat Idoralararo ishchi guruhi oʻz faoliyatini boshladi.
Ishchi guruhi oldiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 noyabrdagi 965-F-sonli farmoyishida belgilangan qator vazifalar va topshiriqlar qoʻyilgan boʻlib, Orol dengizi qurib qolishi bilan bogʻliq muammolar, Orol dengizi fojiasining salbiy oqibatlari, shuningdek, Orolboʻyining ekologik holatini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Orolboʻyi hududida Konsepsiyani amalga oshirishdagi birlamchi vazifalar boʻyicha kelishildi, jumladan,mutaxassislar Orol dengizining qurib qolgan tubiga oʻsimliklar urugʻlari va koʻchatlar ekishdan avval uning monitoringini oʻtkazish zarurligini taʼkidladilar. Monitoring Orol dengizi deltasini va qurib qolgan tubini kosmosdan sunʼiy yoʻldoshlar orqali kuzatish va yer usti ekspeditsiyalari natijalaridan olingan maʼlumotlarni yigʻib, tahlil qilishdan iborat boʻlib, bunda hududning qaysi yeriga ekin ekish mumkinligi, qaysi joylariga alohida ishlov berish zarurligi, aynan qanday oʻsimlik turlarini koʻpaytirish ijobiy samara berishi mumkin, choʻl hududida yashaydigan qanday jonivor va hayvonlarni koʻpaytirish imkoniyati bor kabi savollarga javob topiladi.
Shuningdek Orol dengizi fojiasi oqibatlarini kamaytirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarga xalqaro tashkilotlar va qoʻshni mamlakatlardan mutaxassislarni taklif etish lozimligi qayt etildi. Konsepsiyani muhokamasiga gidrometeriologiya xizmati xodimlarini, energetika, turizm sohalari mutaxassisilarini, zoolog va botaniklarni jalb qilishga kelishildi.
Ishchi guruhning keyingi yigʻilishida qurgʻoq va shoʻralagan tuproqli hududlarni koʻkalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirgan xorij mamlakatlari tajribalari tahlili, Konsepsiyaning qoʻshni davlatlar va xalqaro investorlar uchun jozibadorligini oshirish hamda innovatsion ishlarning mazmuni va yoʻnalishlari boʻyicha gʻoyalarni muhokama qilishga kelishildi. Idoralararo ishchi guruh oʻz ishini davom ettirmoqda.