O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Gemodializ boʻlimi foydalanishga topshirildi
2019-01-25 | Sog‘liqni saqlash
Toshkent viloyati Bekobod shahar tibbiyot birlashmasining gemodializ boʻlimi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimligi, sogʻliqni saqlash boshqarmasi masʼullari, tibbiyot xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, salomatligini yanada mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.
Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda viloyatda 430 nafardan ortiq, jumladan, Bekobod shahri va tumanida 60 nafar surunkali buyrak xastaligi va buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemor boʻlib, shu paytga qadar ular poytaxtimiz va viloyat markazida joylashgan nefrologiya va gemodializ boʻlimlariga qatnashga majbur boʻlgan.
Shaharning “Metallurg“ shifoxonasida ish boshlagan mazkur boʻlimga 10 oʻrinli suv tozalash moslamasi, 5 ta “sunʼiy buyrak“ apparati oʻrnatilib, bemorlarga xizmat koʻrsatishga shay holatga keltirildi.
Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan qisqa vaqtda viloyatga byudjet mablagʻlari asosida 1 ta sunʼiy suv tozalash moslamasi va 10 ta “sunʼiy buyrak“ apparati ajratilgan. Bundan tashqari, ichki imkoniyatlar va homiylik mablagʻlari hisobidan viloyatdagi bir necha shifo maskani, jumladan, Chirchiq shahridagi gemodializ boʻlimi 2 ta, Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasi 3 ta “sunʼiy buyrak“ apparati bilan taʼminlangan.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Gʻ.Ibragimov soʻzga chiqdi.
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA