O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Bojxona postida inspeksion koʻrik majmuasi foydalanishga topshirildi
2019-01-25 | Texnologiyalar
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Bekobod“ temir yoʻl chegara bojxona postida temir yoʻl vagonlarini rentgen-skaner qilish qurilmasiga ega inspeksion koʻrik majmuasi ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan bojxona postida tashkil etilgan tadbirda bojxona xizmati xodimlari, viloyat hokimligi, prokuratura, ichki ishlar boshqarmasi masʼullari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimiz bojxona tizimi faoliyatini takomillashtirish, xususan, bojxona chegara tekshiruvida eng zamonaviy texnologiyalarni jalb etish orqali yuqori vaqt tejalishiga erishish, yurtimizga noqonuniy tovarlar, qurol-yarogʻ va giyohvandlik vositalari olib oʻtilishining oldini olishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
Prezidentimizning 2018 yil 12 apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qilmoqda.
“Bekobod“ temir yoʻl chegara bojxona posti Oʻzbekiston Respublikasi bojxona postlarini katta hajmdagi skaner qurilmalari bilan jihozlash loyihasi doirasida Xitoy Xalq Respublikasining grant mablagʻlari hisobidan jihozlandi.
Tadbir ishtirokchilari Xitoyning “NUCTECH COMPANY LIMITED“ kompaniyasi hamkorligida oʻrnatilgan zamonaviy inspeksion-koʻrik majmuasi, uning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Bu yerda oʻrnatilgan zamonaviy rentgen-skaner qurilmasi katta hajmli transport vositalari yoki konteynerlar ichidagi tovarlar shaklini koʻrish imkonini beradi. Bu qulaylik, oʻz navbatida, konteynerdagi tovarlarning deklaratsiyada koʻrsatilganiga nechogʻli mosligini, kontrabanda predmetlari bor-yoʻqligini nazorat qilishga zamin hozirlaydi. Muxtasar aytganda, bojxonadagi nazorat sifatini oshirib, vaqtni tejaydi.
Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Gʻ.Ibragimov soʻzga chiqdi.
Avazbek Xudoyqulov, OʻzA