O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shahar bosh loyihasi YUNЕSKO eksperti bilan muhokama qilindi
2019-01-25 | Jamiyat
Shu kunlarda YUNЕSKO eksperti, Fransiya shaharsozlik instituti xalqaro aloqalar boʻyicha menejeri E.Xoyberxts rahbarligidagi delegatsiya Samarqand shahri mehmoni boʻlib turibdi. Delegatsiya aʼzolari viloyat va shahar hokimligi rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi.
– Taklifimizga binoan Samarqandga tashrif buyurgan ekspertlardan bir necha masalalarda hamkorlik kutyapmiz, – dedi Samarqand shahar hokimi F.Rahimov. – Birinchi navbatda, shahar bosh rejasini rasmiylashtirishda YUNЕSKO ekspertining fikrlari biz uchun muhim. Bundan tashqari, shaharning muhofaza ostidagi hududida qurilishi mumkin boʻlgan mehmonxonalar va boshqa turistik inshootlar boʻyicha maslahatlashuv koʻzda tutilgan. Shuningdek, ana shu binolarni hujjatlashtirishda ham hamkorlik qilmoqchimiz.
Yigʻilishda YUNЕSKO eksperti Erik Xoyberxts mamlakatimizda tarixiy obidalarni muhofaza qilish, shaharsozlik meʼyorlari boʻyicha mavjud qonun-qoidalar, hukumat qarorlari bilan qiziqdi. Shundan soʻng, mehmonlar shahar xaritasi orqali uning tarixiy qismi, muhofaza etiladigan hududlar va ularning atroflari bilan tanishdi.
– Samarqanddagi tarixiy obidalar butun sayyora aholisi uchun ahamiyatga ega va biz ularni asrashda hamkorlik qilishdan manfaatdormiz, – deydi Erik Xoyberxts. – Shu kunlarda, meʼyoriy hujjatlar, mavjud tarixiy obyektlarning 3D formatdagi suratlari, tarixiy hududdagi boshqa binolar bilan tanishyapmiz. Sizlardagi qoidalarga koʻra shaharning tarixiy qismida qurilishi lozim boʻlgan binolarning balandligi 8 metrdan oshmasligi lozim ekan. Ammo ayni shu hududda sanoat korxonalari ham joylashgan. Bu masalada hokimlik bilan batafsil fikr almashamiz.
Yigʻilishda Samarqand shahar bosh arxitektori F.Mardonqulov va shahar bosh rejasi loyihachilaridan biri – China Construktion Engineering Design Group Corporation Ltd professori Sun Syaolun shahar bosh rejasi xususida savollarga javob qaytardi.
Delegatsiya oʻz ishini bir hafta davom ettirib, shahar bosh rejasi boʻyicha fikr almashishiga kelishib olindi.