O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: atrof-muhit va suv resurslari sohasidagi hamkorlik
2019-01-25 | Ekologiya
Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish va yashil iqtisodiyotni ilgari surish mintaqada ekologik barqarorlikni taʼminlashning muhim omili hisoblanadi. Shu maʼnoda mintaqa davlatlari hamkor mamlakatlar va donor tashkilotlar bilan birgalikda qator saʼy-harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.
Toshkentda 24 yanvar kuni tashkil etilgan Atrof-muhit va suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik boʻyicha “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” yuqori darajadagi VI konferensiya ham ana shunday yoʻnalishdagi hamkorlik uchun qulay platforma hisoblanadi.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari – Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston delegatsiyalari, shuningdek, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Slovakiya, Vengriya, Chexiya, Ruminiya kabi Yevropa Ittifoqiga aʼzo mamlakatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tashkilotlari aʼzolari, BMTning ushbu yoʻnalishdagi tuzilmalari, YETTB va Yevropa Ittifoqi mutaxassislari, xalqaro tahlil markazlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Bahrom Qoʻchqorov, Yevropa tashqi aloqalar xizmatining Markaziy Osiyo boʻyicha departamenti boshligʻi oʻrinbosari Filip van Amersfort, Italiyaning Atrof-muhit, yer va dengiz resurslari vazirligi vakili Massimo Kossone va boshqalar soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqada ekologik vaziyatni tiklash borasidagi saʼy-harakatlari doimiylik kasb etgan. 2018 yilning avgust oyida Turkmanboshi shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlar rahbarlari kengashi majlisining tashkil etilishi, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi tomonidan Amudaryo va Sirdaryo suv resurslaridan foydalanish toʻgʻrisidagi konvensiyaning ishlab chiqilishi, Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT shafeligida Orol dengizi va Orolboʻyi hududi boʻyicha maxsus Trast fondi tuzilishi shular jumlasidan.
– Faoliyatimiz orqali yashil texnologiyalar va investitsiya loyihalarini jalb etish borasida xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni amalga oshirib kelmoqdamiz, – deydi Yashil texnologiyalar va investitsiya loyihalari xalqaro markazi rahbarining oʻrinbosari Gavhar Beyseyeva (Qozogʻiston). – Bugungi anjuman mavzusi, unda koʻtarilgan masalalar, qabul qilingan qarorlar faoliyatimiz bilan chambarchas bogʻliq. “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” muloqotining bu galgi anjumani esa suv bilan bogʻliq muammolar boʻyicha hamkorlikning yangi usul va yondashuvlarini ishlab chiqish uchun qulay imkoniyat. Muloqotning ushbu formati orqali biz Oʻzbekistonning mintaqada ekologik vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi tashabbuslarini toʻliq qoʻllab-quvvatlab, ularni amalga oshirishga hissa qoʻshishga tayyormiz.
Yuqori darajadagi konferensiya ekologiya sohasidagi hamkorlik platformasi boʻlib, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlariga atrof-muhit, iqlim oʻzgarishi va suv resurslari sohasida koʻmaklashishi yuzasidan istiqbolli dasturlarni shakllantirishni koʻzda tutadi. 2009 yilda Italiya tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqi shafeligida tashkil etilgan ushbu platforma oʻtgan yillar davomida mintaqa mamlakatlarining iqlim oʻzgarishi va ekologik vaziyatni tiklash boʻyicha ikki va koʻp tomonlama hamkorligining muhim shartiga aylandi. Uning doirasidagi ilk loyiha 2012-2014 yillarda amalga oshirildi.2016-2018 yillarga moʻljallangan ikkinchi loyiha Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan muloqotni mustahkamlash, atrof-muhit, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlashni koʻzda tutadi.
– Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidigi hamkorlikning barcha sohalarda mustahkamlanib borayotganidan xursandmiz, – deydi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Piter Burian. – Bugun mintaqa mamlakatlari rivojlanishning yangi bosqichida suv resurslarini oqilona boshqarish, transchegaraviy daryolardan samarali foydalanish, qolaversa, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashishdagi muloqot yuqori surʼatlarda yoʻlga qoʻyilgan. Buning natijasida tabiatni muhofaza qilish, tutash sikllar iqtisodiyotiga oʻtish kabi mintaqa uchun muhim boʻlgan takliflarni ishlab chiqish imkoni paydo boʻlmoqda. Yevropa Ittifoqi ushbu yoʻnalishdagi oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashib, sohaga yangi texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻmaklashishga tayyor.
Tadbirda Atrof-muhit va suv resurslaridan foydalanish sohasidagi hamkorlik boʻyicha “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo” platformasining 2015-2018 yillardagi natijalari taqdim etildi.
Tashkil etilgan shuʼba majlislarida Orolboʻyi hududidagi ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni sogʻlomlashtirish, BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondini qoʻllab-quvvatlash, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi faoliyati doirasida mintaqaviy sheriklikni yanada rivojlantirish, tashqi moliyaviy-texnik koʻmak koʻrsatish masalalari keng muhokama qilindi.
Shuningdek, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, atrof-muhit ifloslanishi darajasini pasaytirish va yashil iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash maqsadida infratuzilmalarga investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha takliflar bildirildi. Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikning kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.
Anjuman doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi bilan Italiyaning Atrof- muhit, yer va dengiz resurslari vazirligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.
Ulugʻbek Shonazarov, Otabek Mirsoatov (surat), OʻzA