Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan Rossiyada erkaklar, Qozogʻistonda esa oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan nufuzli turnirlarda hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda.
Qozon shahrida tennis boʻyicha “Fyuchers” turkumiga kiruvchi turnirning asosiy toʻr bahslarining birinchi davrasida tennischilarimizdan Humoyun Sultonov birinchi davrada serbiyalik Boris Butulyani, Sanjar Fayziyev rossiyalik Aleksandr Igoshinni, Sergey Fomin rossiyalik Alibek Kachmazovni magʻlubiyatga uchratdi.
Olmaota shahrida oʻtayotgan oʻsmirlar oʻrtasidagi turnirning ikkinchi davrasida isteʼdodli tennischilarimizdan Mark Tryashkin rossiyalik Bogdan Seleznyovni, Olimjon Nabiyev qozogʻistonlik Danil Ozernoyni, Odil Karimov ukrainalik Oleksiy Shestakovni, Bekzod Rasamatov esa mezbonlar vakili Shohrux Gʻayratovni yengib, chorak finalga yoʻl oldi.
Ushbu musobaqaning juftliklar bahsida Odil Karimov qozogʻistonlik Yerasil Murat bilan birga mezbonlar sharafini himoya qilayotgan Danil Ozernoy va tojikistonlik Azad Rahmonni yengdi.
Qizlar oʻrtasida mamlakatimiz sharafini juftlik bahslarida himoya qilayotgan Milana Maslenkova qozogʻistonlik Yelizaveta Karlova bilan birga rus tennischilari Aleksandra Kornilova hamda Darya Zelinskayani magʻlub etdi.
J.Toshxoʻjayev, OʻzA