O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Mehmon uylari noanʼanaviy uslubda ish olib boradi

2019-01-24 | Turizm

Yon-atrofga osilgan shohi soʻzanalar, xontaxta atrofidagi yumshoq koʻrpachalar, dasturxondagi surxoncha tansiq taomlar...

Insoniyat taraqqiyot sari ildamlab borayotgan boʻlsa-da, inson qalbi baribir oddiygina samimiyatdan halovat topadi. Baʼzan unga rivojlanishning eng baland choʻqqisini egallagan shaharning sershovqin muhiti, yulduzli mehmonxonalaridan koʻra chetroqda joylashgan oddiy va tinch uy mehmonxonasi afzal tuyuladi.
 
Zero, bunday muhitda nafaqat osoyishtalik, balki odamiylik hukm suradi. Bu bilan katta mehmonxonalar yomon, deyish, fikridan yiroqmiz, albatta. Lekin xonadonlarda tashkil etilayotgan mehmonxonalardagi “qulay uy muhiti” odamni oʻziga oddiyligi, milliyligi, samimiyligi bilan rom etadi.
 
Bunday mehmonxonaga bosh suqsangiz, xonadon egalari sizni aziz mehmon bilib, tavoze bilan kutib olishining oʻzidan odam yayrab ketadi. Bir safar Boysunda joylashgan shunday uy mehmonxonaga borganimizda shunday taassurot paydo boʻldi. Betakror tarixi, oʻziga xosligi bilan ajralib turadigan Boysunga monand bezatilgan hovlidan iliqlik taralayotganga oʻxshardi. Yon-atrofga osilgan shohi soʻzanalar, xontaxta atrofidagi yumshoq koʻrpachalar, dasturxondagi surxoncha tansiq taomlar...
 
– Surxon vohasi oʻziga xos soʻlim tabiati, xushmanzara manzillari va betakror qadamjolari, qolaversa, bagʻrikeng va mehmondoʻst odamlari bilan dunyo sayyohlarini oʻziga maftun etib kelgan. Turizmni yanada rivojlantirishga qaratilgan eʼtibor tufayli hozirgi kunda viloyatimizda ham bu soha jadal rivojlanmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi Abdusalom Xoʻjaqulov. 
 
Surxondaryoda ekoturizm istiqbolli hisoblanadi. Koʻhitang, Boysuntogʻ hamda Hisor kabi purviqor togʻlar bilan oʻralgan Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Boysun, Sherobod tumanlari betakror tabiati bilan ajralib turadi. Hozirgi kunda Sherobod, Boysun, Sariosiyo tumanlaridagi togʻ etaklarida togʻ turizmi klasterlari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.
 
Koʻhitang togʻlari etagida bunyod etilishi koʻzda tutilgan klaster tarkibiga qadim qadriyatlarga ega, tabiati fusunkor Shalqon qishlogʻi, Xoʻjaikon tuz koni va sihatgohi, Sherobodning soʻlim anorzorlari kiradi. Boysun togʻi klasteriga esa mashhur Omonxona sihatgohi, Darband qishlogʻi, Zovboshi togʻli hududi qamrab olinadi.
 
Hududining katta qismini togʻlar tashkil etuvchi Sariosiyo tumanidagi togʻ turizmi klasteriga esa Sangardak qishlogʻi va betakror Sangardak sharsharasi, Uzun tumanining Xonjiza qishlogʻi kiradi.
 
Oʻtgan yilda vohaga 90 dan ortiq xorijiy davlatlardan 28 ming nafardan ziyod sayyoh tashrif buyurdi. Ichki turizm yoʻnalishi boʻyicha 53 mingga yaqin yurtdoshlarimiz serquyosh vohani ziyorat qildi.
 
Ayni paytda 2019 yilda mehmonxonalarni koʻpaytirish boʻyicha tizimli ishlar boshlab yuborilgan. Joriy yilda 1 ming 130 oʻringa moʻljallangan 35 mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Shundan 25 tasida qurilish ishlari boshlandi. 2020 yilda mazkur mehmonxonalar qurilishi nihoyasiga yetgach mehmonlarni qabul qilish sigʻimi 3 ming kishidan oshadi.
 
Rejadagi qiymati 256 milliard soʻmlik 103 istiqbolli loyiha yakunlanishi mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
 
– Mehmonxona biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlanmoqda, – deydi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi turizm sohasidagi investitsiya loyihalari dasturlarni amalga oshirishni monitoring qilish shoʻbasi xodimi Akmal Chorshanbiyev. – Zamonaviy otellar barpo etilishi bilan birga, noanʼanaviy uslubda ish olib boruvchi uy mehmonxonalar tarmogʻi kengaytirilmoqda. Ularning oʻziga xosligi shundaki, ular turistlarga hudud aholisi turmushi, urf-odatlari bilan yaqindan tanishish, milliy muhitda yashash imkonini beradi.
 
Bugungi kunda, Boysun tumanida 20, Oltinsoy tumanida 10, Sariosiyo tumanida 18, Sherobod tumanida 3, viloyat boʻyicha jami 51 aholi xonadoni mehmon uylarga aylantirilgan. Shuningdek, Sariosiyo tumanida 4 va Sherobod tumanida 8 ana shunday aholi xonadonlarini mehmon uylarga aylantirish ishlari olib borilmoqda va bu jarayon davom etadi.
 
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali ishtirokchilarini qulay mehmonxonalarga joylashtirish maqsadida oilaviy mehmon uylarni tashkil qilish koʻlami kengaymoqda.
 
Termiz shahri va unga yaqin boʻlgan Termiz tumani mahallalarida mehmon uylari tashkil etish istagida boʻlgan 116 xonadon aniqlandi va ularga zarur koʻmak koʻrsatilayotir.
 
Bir soʻz bilan aytganda, viloyatda turizmni rivojlantirish uchun yuksak salohiyat mavjud. Muqaddas qadamjolar, qadimiy obidalar va ekoturistik manzillar... Bunday turistik mahsulotlarni xorij bozoriga chiqarish, tabiiy va tarixiy-madaniy manzillar boʻyicha yangi sayyohlik yoʻnalishlari ishlab chiqish, turistik xizmatlar sifatini yanada yaxshilash davom ettiriladi.
 

Rajabgul Muhammadiyeva, OʻzA

Поделиться