O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Jones Lang LaSalle Incorporated” (JLL) va “Uzbekistan Ajlan&Bros Holding” kompaniyalari delegatsiyasi Oʻzbekistonda
2019-01-24 | Turizm
Joriy yilning 21-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasida “JLL” va “Uzbekistan Ajlan&Bros Holding” (Saudiya Arabistoni) kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari v.b. U.Qosimxoʻjayev va Rossiya va MDH davlatlaridagi “JLL” mehmonxonalar boʻyicha departament boshligʻi T. Veller hamda Ajlan & Brothers xolding korporativ aloqalar boʻyicha direktori A. Alhafaflar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda “JLL” va “Uzbekistan Ajlan&Bros Holding” kompaniyalari vakillari turizm sohasida turistik infratuzilmani rivojlantirish, shuningdek, mehmonxona qurilishi boʻyicha oʻzlarining kompaniyalari faoliyati va eng yaxshi amaliy ishlari haqida soʻzlab berishdi. Shu bilan birga, delegatsiya aʼzolari shu kunning oʻzida mamlakatimiz sayyohlik shaharlari boʻlmish: Buxoro, Samarqand va Xiva shaharlarida 3, 4 va 5 yulduzli mehmonxona qurish yuzasidan loyihalarining biznes-rejalarini tayyorlashga kirishdilar.
Maʼlumot uchun. “Ajlan & Brothers” guruhi erkaklar bosh kiyimlari va tayyor matolarni ishlab chiqarish bilan mashhur tashkilot hisoblandi. Guruh mahsulotlarini oʻzlarining zavodlarida ishlab chiqaradi, yaʼni oʻzlari ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Keyinchalik Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Qatar va Quvaytda kabi dunyoning boy shaharlarida mahsulotlarini chakana narxlarda sota boshlaydi. 1979-yildan beri “Ajlan & Brothers” guruhi Saudiya Arabistonida va Fors koʻrfazidagi arab davlatlarida 45 ta filial va 200 savdo doʻkonini ochishga ulgurgan.
“JLL” esa moliyaviy va integratsiya professional koʻchmas mulk xizmatlari kompaniyasi hisoblanib, hozirgi kunda dunyoning eng yirik kompaniyalari Fortune 500 roʻyxatiga kiritilgan. Kompaniyaning yillik aylanmasi 6,0 milliard dollarni tashkil etadi. “JLL” kompaniyasi hozirgi kunda dunyoning 80 ta mamlakatida 280 dan ortiq oʻzining korporativ ofislariga ega. Bugungi kunga kelib Kompaniyada 60 mingdan ortiq ishchi ishlaydi. Rossiyada va MDH davlatlarining katta shaharlari: Moskva, Sankt-Peterburg va Kiyevda vakolatxonalar ochgan.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, qulay investitsion muhitni yaratish, turizmni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi maʼlumotlarning Saudiya Arabistonigacha yetib borgani, Hukumatimiz tomonidan boy, tabiiy va madaniy-tarixiy merosini targʻib qilishga qaratilgan ishlarning samarali tashkil etilganidan darak beradi.