Toshkentda joriy yilning 1-2-fevral kunlari tennis boʻyicha “Devis kubogi”ning pley-off bahsi oʻtkaziladi. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi jahon ligasiga chiqish uchun Serbiya terma jamoasiga qarshi kortga chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) hamda mamlakatimiz tennis federatsiyasi tomonidan oʻtkaziladigan mazkur uchrashuvda mamlakatimiz sharafini Denis Istomin, Humoyun Sultonov, Sergey Fomin, Sanjar Fayziyev va Joʻrabek Karimov kabi tennischilarimiz himoya qiladi.
Serbiya terma jamoasi tarkibida Dushan Layovich, Filip Krayinovich, Laslo Jere, Nikola Miloyevich va Viktor Troiski kabi tennischilar kortga chiqadi.
– “Devis kubogi” musobaqasiga puxta tayyorgarlik koʻrdik. Raqib jamoa aʼzolarini yaxshi bilamiz, ular bilan ATR musobaqalarida bahslashganmiz va oʻyinlarini kuzatganmiz. Ishonamanki, musobaqada gʻalaba qozonamiz. Buning uchun barcha imkoniyatlar yetarli, – deydi terma jamoamiz yetakchisi Denis Istomin. – Nasib qilsa, noyabr oyida oʻtadigan jahon ligasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritamiz.
Eslatib oʻtamiz, joriy yildan boshlab “Devis kubogi” yangi tizimda oʻtkaziladi. Unga koʻra, fevral oyida boʻladigan saralash bahslarida 24ta terma jamoa 12ta juftlikka boʻlingan holda kurash olib boradi. Ushbu bahslarda gʻolib boʻlgan 12ta terma jamoa noyabr oyida oʻtkaziladigan jahon ligasi bahslarida ishtirok etadi. Magʻlub boʻlgan terma jamoalar esa kelasi yilgi pley-off oʻyinlarida qatnashish uchun mintaqaviy bahslarda kurash olib boradi.
Javohir Toshxoʻjayev, OʻzA