O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qonun xalqaro ekspertlar muhokamasida

2019-01-24 | Ekologiya

Poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida oʻtkazilgan seminar Oʻzbekistonda atrof-muhitni strategik baholashning zamonaviy tizimi masalalariga bagʻishlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining mamlakatimizdagi filiali, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamkorligida hamda Germaniya Atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi federal vazirligi moliyaviy koʻmagi bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Oʻktam Oʻtayev, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi atrof-muhit boʻyicha mintaqaviy maslahatchisi Sarangoo Radnaaragchaa va boshqalar dunyoda sodir boʻlayotgan tabiiy oʻzgarishlar nafaqat atrof-muhitni asrash, balki barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun tizimli chora-tadbirlar amalga oshirishni talab etayotganini alohida qayd etdi. Shu maʼnoda, mazkur tadbir oʻtgan yil iyun oyida Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumi doirasida oʻtkazilgan birinchi subregional seminarning mantiqiy davomi boʻlib, unda atrof-muhitga taʼsirni transchegaraviy baholash, xususan, atrof-muhitga taʼsirni baholash zamonaviy tizimini joriy etish masalalari tahlil etildi. 

– Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi qonuni 2000 yil 25 mayda qabul qilingan, – dedi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh mutaxassisi Gʻolib Shukurov. – Biroq iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda amaldagi qonun va qonunosti hujjatlarni xalqaro, zamonaviy talablarga moslashtirish va milliy ekologik ekspertizaning salohiyatini oshirish bugungi kunning muhim masalalaridan. Markaziy Osiyo xalqaro ekologiya forumida belgilangan vazifalarga muvofiq, xalqaro ekspertlar bizning qonun va qonunosti hujjatlarimizni oʻrganib chiqishmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad esa Espo Konvensiyasi va Strategik ekologik baholash dalolatnomasi tartiblariga asosan atrof-muhit, ekologiyaga doir hujjatlarni qayta ishlab chiqish hamda ularni xalqaro talablarga moslashtirishdir. 

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamkorligida, Shveysariya, Germaniya hukumatlari moliyaviy koʻmagi bilan Espo Konvensiyasi hamda Strategik ekologik baholash dalolatnomasi qoidalariga muvofiqlashtirish uchun Oʻzbekistonning atrof-muhitga taʼsirni baholash sohasidagi qonunchiligini tahlil qilish boʻyicha qoʻshma loyiha oʻz ishini boshlagan. Shunga asosan seminarda huquqshunoslik sohasidagi xalqaro maslahatchi Andrey Andrusevich atrof-muhitga taʼsirni baholash, mamlakatimizda atrof-muhitni strategik baholash tizimi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi boʻyicha taqriz taqdim etdi. 

– Oʻzbekiston Respublikasida rejalashtirilgan iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitga taʼsirini baholash tizimi yetarli darajada samaralidir, – dedi u. – U oʻziga xos, hatto noyob, deb ayta olaman. Lekin xalqaro standartlar, investorlar va boshqalar nuqtai nazaridan qaralsa, bu tizim xalqaro darajadan farqlidir. Aniqrogʻi, bu sobiq sovet davlatlaridagi AMTB ekspertizasi tizimi boʻlib, uni tashqi investorlar tushunmaydi. Shu bois, biz bu borada bir necha boʻshliqlarni bartaraf etishni taklif etyapmiz. Bu jarayonda asosiy kamchiliklar – shaffoflik va jamoatchilik ishtiroki, shuningdek, qonun hujjatlaridagi noaniqliklar. Amaldagi qonunda investorlarga taqdim etiladigan talablar qonuniy asosga ega emas. Qonunlar yetarli darajada batafsil va aniq boʻlishi kerak. Tashqi investorlar uchun qonunchilik talablarining amaliyotga mos kelishi nihoyatda muhimdir. 

Seminarda Oʻzbekistonda strategik ekologik baholashning zamonaviy tizimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yakuniy natijalar sarhisob qilindi. 

 

Nasiba Ziyodullayeva, Asqar Yoqubov (surat), OʻzA

Поделиться