O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Orol muammosini birgalikda bartaraf etamiz!

2019-01-23 | Ekologiya

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi 11-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktab-internatida oʻtkazilgan aksiya shunday nomlandi.

Oʻzbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi aʼzolari, harakat viloyat hududiy boʻlinmasining “Yoshlar qanoti” faollari, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi vakillari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda tabiatni asrashning dolzarb masalalari, ayniqsa, Orol dengizi muammolari haqida atroflicha soʻz yuritildi.
 
Orol dengizi hududining qisqarib borishi, yaʼni ekologik fojia oqibatlari oʻsha makon bilan cheklanib qolgani yoʻq. U global muammodir. Dengizning qurib qolgan tubida shamol taʼsirida har yili 100 million tonna tuz va qum havoga koʻtarilib, olis hududlargacha yetib bormoqda. Atrof-muhitga, ekin maydonlariga ziyon yetkazayotir. Tabiiyki, bundan Buxoro viloyati hududi ham xoli emas.
 
– Prezidentimiz oʻtgan yil 28 dekabrdagi Parlamentga Murojaatnomasida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish doirasida dengizning suvsiz qolgan hududida yashil oʻrmonlar barpo etish borasidagi ishlarga ham alohida eʼtibor qaratdi, – deydi Oʻzbekiston Ekologik harakati Buxoro viloyati hududiy boʻlinmasi koordinatori Jahongir Sharipov. – Bu tadbirlar davom ettirilib, maxsus dasturga muvofiq 2019 yilda yana yarim million gektar maydonda oʻrmonlar barpo etiladi. Keng koʻlamli bu ish har birimizdan daxldorlik tuygʻusi bilan yashashni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, aholi, xususan, yosh avlodning ekologik ongi va masʼuliyatini oshirishda ochiq muloqotlar, davra suhbatlarining oʻrni katta.
 
Tadbir ishtirokchilari, mahalla faollari, maktab-internat oʻquvchilari Orolda amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish loyihasiga hissa qoʻshish maqsadida tumanning choʻl hududi saksovulzorlaridan 50 kilogrammdan ziyod urugʻ yigʻib olishdi.
 
Ana shunday ekologik aksiya Kogon tumanidagi ixtisoslashtirilgan “Jayron” ekomarkazida ham oʻtkazildi.
 
Oʻzbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan jayron va boshqa noyob jonivorlar parvarish qilinayotgan maskanning katta qismi saksovulzorlardan iborat. Ezgulik tashabbusi qatnashchilari va ularga hamkor Ekomarkaz ishchi-xodimlari hududdan bir necha soat mobaynida 100 kilogrammdan ziyod urugʻ terib oldi.
 
Ikki tumanda oʻtkazilgan aksiya ishtirokchilari saʼy-harakati bilan sahro daraxtlaridan yigʻib olingan jami 160 kilogrammdan ortiq urugʻ Orol dengizining qurigan maydonida saksovulzorlar barpo qilish uchun yetkazib beriladi. Urugʻ 32 gektar maydon uchun yetarli. Bu kabi xayrli aksiyalar davomli boʻladi.
 
Shuningdek, Buxoro viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Ekoharakat viloyat hududiy boʻlinmasi vakillari Moʻynoqdagi ikkita umumtaʼlim maktabiga tashrif buyurib, ekologiyaga oid kitoblar toʻplamini tuhfa qilishni rejalashtirgan.
 
Aytish kerakki, hozirgi paytda mamlakatimizning barcha hududlari, jumladan, Buxoro viloyatidan ham jalb qilingan koʻplab texnikalar va hududiy davlat oʻrmon xoʻjaliklari ishchi-mutaxassislari Orol dengizining qurib qolgan qismini oʻrmonlashtirish loyihasida ishtirok etmoqda.
 

Erkin Yodgorov, OʻzA

Поделиться