O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Germaniya qishloq xoʻjaligi sohasi boʻyicha hamkorlik qiladi
2019-01-23 | Jamiyat
Germaniya poytaxti Berlinda Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirligi, qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi hamda Germaniyaning “Bundessortenamt” qishloq xoʻjaligi ekinlarini sinash federal markazi bilan hamkorlikda ikki mamlakat iqlimiga mos yuqori hosilli, sifatli navlarni ishlab chiqarish hamda bu borada ikki mamlakat tajribasini qoʻllash masalalariga bagʻishlangan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi raisi oʻrinbosari Mirjamshid Murtalibov qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinashda Germaniya bilan oʻrnatiladigan ilk hamkorlik kelajakda nemis tajribasini oʻrganish hamda uni yurtimizda qoʻllashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Germaniya qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat vazirligining Milliy va xalqaro darajali muvofiqlashtirish markazi koordinatori doktor Stefan Xaffke Oʻzbekiston bilan bu yoʻnalishda yangi kelishuvga erishishga tayyor ekani, kelgusida hamkorlikka oid memorandum imzolanishi kutilayotganini maʼlum qildi.
Maʼlumot uchun, qishloq xoʻjalik ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi 1937 yilda tashkil etilgan boʻlib, barcha ekin navlarini respublikamizning turli iqlim-tuproq sharoitlarida belgilangan uslublar asosida xolis sinov ishlarini olib borib, yuqori hosilli, ertapishar, kasallik va zararkunandalarga chidamli, mahsulot sifati yuqori boʻlgan navlarni tanlab olib, ishlab chiqarishga joriy etadigan tashkilotdir.