O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Berlinda “Green week – 2019” tadbirlarida ishtirok etmoqda
2019-01-23 | Iqtisodiyot
2019-yil 17-yanvardan 27-yanvargacha Berlinda (Germaniya) agrosanoat sohasidagi eng yirik tadbir – “Green week – 2019” oʻtkazilmoqda. 18-yanvar kuni xalqaro koʻrgazma doirasida Oʻzbekiston stendining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi, unda Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi, bogʻdorchilik va alkogol mahsulotlari, shuningdek, mamlakatimizning milliy taomlari va sayyohlik salohiyati namoyish etildi.
Delegatsiya tashrifi doirasida G2B va B2B formatida “kooperatsion birja” ning faoliyati boshlandi. Berlindagi Oʻzbekiston biznes vakillari savdo-iqtisodiy shartnomalar paketini shakllantirish, shuningdek, nemis tadbirkorlari bilan oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va kengaytirish boʻyicha kelishuvlarni imzolash yuzasidan muzokaralar olib bormoqda.
Shu bilan bir qatorda “Green week – 2019” tadbirlari doirasida Global oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi forumi (GFFA) ham boʻlib oʻtdi. Ochilish marosimida nutq soʻzlagan Germaniya kansleri Angela Merkel ushbu tadbirning muhimligini alohida taʼkidladi. “Qishloq xoʻjaligi va savdo vazirligining 70ga yaqin vakillarining bir joyga toʻplangani quvonarlidir”. Shu nuqtai nazardan Angela Merkel mazkur tadbirni Davos Iqtisodiy Forumi bilan taqqosladi, unda global kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Shuningdek, Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayevning maʼruzasi tinglandi. U forum ishtirokchilariga Oʻzbekistonda savdo-iqtisodiy sohani va mamlakat qishloq xoʻjaligi salohiyatini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida batafsil maʼlumot berdi. Xususan, 2000 yildan hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi yiliga 6,6% barqaror surʼatda oʻsib borayotgani, bu jahon oʻrtacha koʻrsatkichidan 2,8% koʻproq ekanligini alohida taʼkidladi. Hozirda Oʻzbekiston 2021 yilga qadar qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini 5 milliard dollarga oshirishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, Germaniya qishloq xoʻjaligi vaziri Yuliya Klokner bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi, unda agrosanoat sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Green week – 2019” 27-yanvarga qadar davom etadi. Bu yilgi koʻrgazmada 400 mingdan ortiq mehmonlar kelishi, shuningdek, bir qator konferensiya va taqdimotlar boʻlib oʻtishi kutilmoqda.