O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalq taʼlimi vazirligi axboroti
2019-01-22 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan “Xalq taʼlimi tizimidagi ommaviy axborot vositalari rolini yanada oshirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi va muhokama uchun omma eʼtiboriga havola etildi.
Hujjat chop etilganidan soʻng bir necha nashrlarda, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu qaror loyihasiga qarshi tanqidiy maqolalar chop etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi ushbu hujjat boʻyicha oʻz izohini taqdim etadi.
1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi bosma nashrlarga qarshi emas, ammo xalq taʼlimi tizimida majburiy obunaga yoʻl qoʻyilmasligini taʼkidlaydi. Barcha bosma nashrlar xalq taʼlimi tizimi xodimlari orasida targʻibot ishlarini olib borgan holda ixtiyoriy obunani tashkil etishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi pedagoglar nashrlarni mutolaa qilgan holda oʻz malakalari va bilimlarini oshirib borishlari tarafdori.
2. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tizimida “Boshlangʻich taʼlim” jurnali tahririyati”, “Til va adabiyot taʼlimi”, “Prepodavaniye yazыka i literaturы”, “Language and literature teaching” jurnallari tahririyati”, “Xalq taʼlimi” jurnali tahririyati, “Maʼrifat” va “Uchitel Uzbekistana” gazetalari tahririyati Davlat korxonasi, “Tong yulduzi” gazetasi tahririyati Davlat korxonasi, “Klass” gazetasi tahririyati Davlat korxonasi, “Gʻuncha” jurnali tahririyati Davlat korxonasi va “Gulxan” jurnali tahririyati Davlat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning barchasi davlat korxonasi boʻlib, yagona davlat unitar korxonasiga birlashtirilishi yuridik jihatdan hech qanday oʻzgarishga olib kelmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi yuqorida nomi keltirilgan barcha nashrlarda asosiy taʼsischidir. Shu paytgacha, vazirlik mamlakatimiz qonunlari doirasida faoliyat yuritib, tahririyat siyosatiga aralashmagan va senzuraga yoʻl qoʻymagan. Bundan keyin ham Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mazkur nashrlar bilan mamlakatimiz qonunlari doirasida ish olib boradi va senzuraga yoʻl qoʻymaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi yuqorida keltirilgan tashkilotlarning asosiy taʼsischisi ekanligini hisobga olsak, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari doirasida ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatlarini tekshirib turishga haqlidir.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining yangi jamoasi tayinlanganidan beri, vazirlik oʻz muassisligidagi tahririyat xodimlarining oyliklarini oshirish yoki ularga mukofot berish masalalariga aralashmagan. Tahririyatlar oʻz imkoniyatidan kelib chiqqan holda, bu masalalarni mustaqil belgilaydilar.
6. “Xalq taʼlimi tizimidagi ommaviy axborot vositalari rolini yanada oshirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad, tahririyatlar faoliyatiga samarali menejment va marketing tizimlarini joriy etish orqali ularning obuna va reklamaga jalb etish boʻyicha faoliyatini takomillashtirishdan iborat. Shundagina nashrlarning faoliyati yagona moliyaviy-xoʻjalik boshqaruvi, taʼminoti va buxgalteriya tizimiga oʻtishi hisobiga boshqaruv va noishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirishga erishiladi. Moliyaviy resurslarni birlashtirish evaziga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda boshqa rivojlanish loyihalarini moliyalashtiriladi.