O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hududlarda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash muhim vazifa

2019-01-22 | Jamiyat

Mamlakatimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz xonadon”, “Xavfsiz turizm” konsepsiyalari amalga oshirilayotgani hududlarda jamoat tartibini taʼminlashga xizmat qilayotir. 

Prezidentimizning 2018-yil 12-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslar mulkining qoʻriqlanishini taʼminlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim omil boʻlmoqda. 

Termizda mazkur qaror mazmun-mohiyati va ijrosiga bagʻishlab oʻtkazilgan uchrashuvda bu alohida taʼkidlandi. 

Tadbirda Surxondaryo viloyati IIB qoʻriqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik A.Roʻziboyev, Termiz shahridagi uy-joy mulkdorlari shirkati uyushmalari, mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdi. 

Keyingi yillarda yurtimizda davlat, oʻta muhim, toifalangan va boshqa obyektlarni, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini ishonchli qoʻriqlashni taʼminlovchi yangi tizim joriy etilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyati ichki ishlar organlari qoʻriqlash boʻlimlari tomonidan 1 ming 288 ta xalq xoʻjaligi obyekti, 1 ming 46 fuqaro xonadoni qoʻriqqa olingan. Sohada zamonaviy qoʻriqlov texnologiyalaridan samarali foydalanilayotgani obyektlarni sifatli qoʻriqlash va nazorat qilishga qulay imkoniyat yaratib, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda sodir etilishi mumkin boʻlgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Mazkur qaror jismoniy va yuridik shaxslar mulkining qoʻriqlanishini taʼminlash faoliyati samaradorligini oshiradi. “Xavfsiz xonadon” konsepsiyasi doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish orqali mulkka boʻlgan tajovuzni profilaktika qilish, oldini olishga koʻmaklashadi. 2022-yil 31-dekabrga qadar yurtimizning barcha hududlarida Toshkent shahrida amalga oshirilgan texnik qoʻriqlash va harakatlanish punktlariga xabarni uzatish va markazlashgan kuzatuvning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Joylarda “Qoʻriqlash Servis” davlat unitar korxonasi tashkil etilib, qoʻriqlanadigan obyektlarda oʻrnatiladigan qoʻriqlov texnik vositalari va tizimlarini montaj, demontaj qilish, taʼmirlash, ularga texnik xizmat koʻrsatish va ekspluatatsiyasi bilan shugʻullanadi. 

– Qarorda joriy yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning uy-joylari va xonadoniga qoʻriqlash xizmatini koʻrsatish mobaynida foydalanishga beriladigan qoʻriqlov texnik vositalari jihozlarini oʻrnatish hamda bepul texnik xizmat koʻrsatish belgilab qoʻyilgan, – deydi Termiz shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi qoʻriqlash boʻlimi boshligʻi, kapitan A.Toirov. – Bu aholining xizmatimizdan foydalanishga qiziqishini oshirmoqda. Shunga muvofiq, “Xavfsiz xonadon” konsepsiyasi doirasida 200 dan ortiq fuqaro xonadoni qoʻriqlash xizmatining texnik qoʻriqlash punktiga ulandi. “Xavfsiz turizm” loyihasi doirasida hududdagi mehmonxona, restoran, kafe-bar va boshqa subyektlarga “tashvish” tugmalari oʻrnatish boʻyicha olib borilayotgan targʻibot-tashviqot ishlari oʻz samarasini bermoqda. Xorijlik sayyohlar bilan gavjum boʻladigan mehmonxona, restoranlarga “tashvish” tugmasi oʻrnatilib, qoʻriqlovga olinayotir. 

Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda Termiz shahridagi ijtimoiy soha obyektlari, jamoat joylari, xizmat koʻrsatish inshootlari, koʻcha, koʻp qavatli uylar va boshqa davlat hamda xoʻjalik organlariga 2 ming 663 videokuzatuv vositasi oʻrnatilgan. Joriy yilda bu boradagi ishlar koʻlamining yanada kengaytirilayotgani huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarning oldini olishda yaxshi samara beradi, albatta. 

Uchrashuvda qoʻriqlash xizmati tomonidan tungi paytlarda aniqlangan huquqbuzarlik va jinoyatlar aks etgan videoroliklar namoyish etildi. Videokuzatuv vositalarining qulayliklari, xizmat narxi, signalizatsiya vositalari, sim va boshqa zarur mahsulotlar taʼminotidagi imtiyozlar xususida atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob berdi. 

 

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA

Поделиться