O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2019-01-22 | Jamiyat
2019-yilning 19-yanvar kuni Oʻzbekistonning AQSHdagi Elchixonasida mamlakatimiz Yoshlar ittifoqi koʻmagida AQSHga kelgan Imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlar markazi delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
AQSHning ushbu sohadagi muassasalari, jumladan ehtimoliy homiylari hamda xayriya jamgʻarmalari bilan hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Asosiy eʼtibor imkoniyati cheklangan bolalarni qoʻllab quvvatlash boʻyicha AQSHning ilgʻor tajribasini oʻrganish zaruriyatiga qaratildi. Amerika Qoʻshma Shtatlarida yiliga mamlakat federal byudjetining 4% yoki 140 mlrd. dollardan koʻproq mablagʻ imkoniyati cheklanganlarni ijtimoiy qoʻllab quvvatlashga yoʻnaltiriladi. Bundan tashqari shaxsiy jamgʻarmalar va xayriya tashkilotlari ham yiliga 250 mlrd. AQSH dollariga yaqin koʻmak koʻrsatadi va xorijiy davlatlarga koʻrsatiladigan gumanitar yordam hajmi (yiliga 8 mlrd. dollar) boʻyicha jahonda yetakchi hisoblanadi.
Uchrashuvda eshitish va nutq buzilishi mavjud bolalar uchun sifatli taʼlim tizimini Oʻzbekistonda tashkillashtirish muammosi alohida mavzu boʻldi, bu esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan oʻtgan yil yozida Oʻzbekiston karlar jamiyatining Kar-soqovlar madaniyat markaziga tashrifi chogʻida aholining ijtimoiy nochor qatlamini qoʻllab quvvatlash boʻyicha Hukumatning bosh ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan edi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining AQSHga safari dasturi San-Antonio, Ostin, Berlington va Nyu-York kabi Amerika shaharlarida maqsadli treninglarda ishtirok etishni oʻz ichiga oladi. Bundan tashqari, Markaz direktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva boshchiligidagi mamlakatimiz vakillari AQSH tomoni bilan qator maqsadli uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazadi.