O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ХTV va YUNЕSKO hamkorlikda taʼlim tizimida bullingni oldini olish loyihacini amalga oshiradi
2019-01-21 | Ta’lim
Xalq taʼlimi vazirligi hamda YUNЕSKO tashkiloti mamlakatimiz maktablarida bullingni oldini olish qoʻshma loyihasi boʻyicha hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydi.
Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Otabek Nazirov YUNЕSKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchisi Pilar Alvarez-Lasoni qabul qildi. Uchrashuvda maktab oʻquvchilari orasida bullingni oldini olishga qaratilgan qoʻshma loyihani ishga tushirish masalalari muhokama etildi. Shu bilan birga YUNЕSKO tashkilotiga ushbu loyihani amalga oshirish uchun berayotgan koʻmagi uchun tashakkur bildirildi.
Eslatib oʻtamiz, Xalq taʼlim vazirligi tomonidan 2018 yilning dekabr oyida Pilar Alvarez-Lasoga “Taʼlim homiysi” koʻkrak-nishoni topshirilgan edi.
“Bulling” soʻzi ingliz tilidan olingan boʻlib, “taʼqib va zoʻravonlik” maʼnosini bildiradi. Bu tushuncha bolalarni qasddan va doimiy ravishda taʼqib qilishni anglatadi. Bullingning psixologik, jismoniy, ochiq yoki koʻrinmas shakllari mavjud. Koʻp hollarda bolalar maktabdagi nizolarni kattalardan berkitadi. Bunga bir necha omil, yaʼni oʻgʻil-qizlarning tahqirlanishi, qoʻrqitilishi, ayrim ishlarni amalga oshirishga majburlanganliklari, qolaversa, tahdid qilinishi sabab boʻlishi mumkin. Hozirda bu hodisa butun dunyoda, jumladan, Oʻzbekistonda ham dolzarb masalalardan biriga aylangan.
Ushbu loyihaning olib borilishidan asosiy maqsad, mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablarida yuqorida keltirilgan muammolarni oldini olishdan iborat. Mazkur loyiha 2019-2020 yillarda amalga oshirilishi rejaga kiritildi. Loyiha doirasida maktab oʻqituvchilari va psixologlari uchun bulling sabablarini aniqlash va ularni oldini olish uchun takliflar ishlab chiqishga qaratilgan amaliy va nazariy tadbirlar, trening va seminarlar oʻtkaziladi.
Loyiha yakunida pedagoglar uchun “Taʼlim muassasalarida bullingni oldini olish” metodologiyasi ishlab chiqiladi. Mazkur metodologiya nizolarni samarali hal etish va bolalar oʻrtasida yetakchilik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha koʻrsatmalar beradi. Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan xalqaro hamkorlar tajribasini oʻrganish boʻyicha qoʻyilgan dastlabki qadamlardan biridir.
Shuningdek, muzokaralar chogʻida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, boshqa xalqaro tashkilot va donorlar ishtirokida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish hamda xalq taʼlimi tizimining kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama etildi.
Taʼkidlash joizki, ayni damda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish uchun maxsus guruh tuzildi. Shuningdek, maktablarda zoʻravonliklarning oldini olish boʻyicha XTV dasturlari haqida qoʻshimcha maʼlumot olish imkoniyatini beruvchi Telegram-bot (@xtvabbot) ishga tushirildi.