O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fargʻona viloyatidagi nodavlat taʼlim muassasalarini oʻrganish boʻyicha maʼlumot
2019-01-21 | Ta’lim
Fargʻona viloyati Quvasoy shahar, Navoiy koʻchasi 3-uyda joylashgan “Koʻzmunchoq” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyati Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha taʼlim vazirligi va inspeksiyaning Fargʻona viloyati hududiy boʻlimi tomonidan 2019-yilning 17-yanvar kuni oʻrganildi.
Oʻrganish jarayonida “Koʻzmunchoq” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi tegishli litsenziyasiz faoliyat olib borayotganligi aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 241-sonli qarorida belgilanganidek barcha nodavlat taʼlim xizmatlari litsenziya asosida amalga oshirilishi shart.
Shu bois, ishchi guruh tomonidan “Koʻzmunchoq” nodavlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbariga litsenziyasiz faoliyat yuritish noqonuniy ekanligi tushuntirilib, litsenziya olish uchun belgilangan tartiblar asosida hujjatlarini 3(uch) kun ichida taqdim etishi yuzasidan qattiq ogohlantirildi.
Agar 3 kun davomida hujjatlar belgilangan tartiblar asosida taqdim etilmasa, muassasa faoliyatini vaqtincha toʻxtatish yuzasidan tegishli chora koʻrilishi tushuntirildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi “Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqis oʻtish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 999-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyati Quvasoy shahridagi 6-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan tayyorlov guruhi oʻrganildi. Tayyorlov guruhiga Quvasoy shahar “Pakana” mahallasida yashovchi, maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb etilmagan 20 nafar bolalar jalb qilinib, alohida oʻquv xonasi va metodik-didaktik materiallar bilan taʼminlangan. Taʼlim inspeksiyasining viloyat boʻlimi (S.Alimova) va Maktabgacha taʼlim boshqarmasi(Yu.Xodjayeva)ga ushbu yoʻnalishda olib borayotgan ishlarni doimiy nazorat qilib borish vazifasi yuklatildi.
2019-yilning 17-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi 999-sonli qarori yuzasidan Viloyatdagi barcha maktabgacha taʼlim boʻlimi mudirlari, maktabgacha taʼlim muassasasi mudiralari va sohaga dahldor mutaxassislar ishtirokida oʻquv-amaliy seminar oʻtkazildi. Seminarda masʼullarga bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash boʻyicha aholi oʻrtasida keng targʻibot ishlarini olib borish, oʻquv-tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim tarbiyaning samarali shakllarini hamda usullarini joriy etish kabi vazifalar yuklatildi.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning Fargʻona viloyat boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-martdagi “Nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 241-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida nodavlat taʼlim muassasasi ochish istagidagi viloyatdagi bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi S.Obidov tomonidan nodavlat taʼlim muassasasiga litsenziya olishda tadbirkorlar uchun qulayliklar yuratilganligi, xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar uchun shart-sharoitlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Tadbirkorlar oʻzlarining ushbu yoʻnalishdagi qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldilar.