O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Soliq va prokuratura rahbarlari joylarga chiqqan holda tadbirkorlar muammolarini hal etmoqda
2019-01-21 | Jamiyat
Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlarining 220 nafardan ziyod malakali xodimlari har kuni joylarga chiqqan holda umumbelgilangan soliq toʻlovi tartibiga oʻtayotgan korxonalar rahbar va bosh hisobchilari bilan muloqot oʻtkazmoqda. Ularning muammolari oʻrganilib, amaliy yordam koʻrsatilishi barobarida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha tushuntirishlar berilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi N.Tursunov, Toshkent shahar prokurori oʻrinbosari A.Poʻlatov poytaxtning Yunusobod tumanida faoliyat yuritayotgan “Almerro Group” (Krember) masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ishlab chiqarish korxonasida boʻlib, soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgarishlar mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berdi.
Yuzma-yuz muloqot jarayonida korxona rahbari hamda hisobchisiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash, toʻlash hamda hisobotlarni topshirish tartiblari taqqoslama jadvallar asosida tushuntirildi.
Maʼlumot uchun aytish joizki, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan 2019-yildan soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha 92 ta seminar-trening oʻtkazilib, unda 10 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti qatnashdi.
Seminarlarda soliq toʻlovchilardan tushgan 2689 ta savolga batafsil javoblar berildi. Bundan tashqari, targʻibot tadbirlari davomida soliq toʻlovchilar uchun soliq qonunchiligidagi yangiliklarni aks ettiruvchi 50 dan ortiq plakatlar, 10 dan ortiq videorolik va slaydlar tayyorlandi. Shuningdek, 10 mingdan ortiq buklet va DVD disklar tadbir ishtirokchilariga tarqatildi.
Soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartirishlarni soliq toʻlovchilarga tushuntirish hamda qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida har bir tuman davlat soliq inspeksiyasining “Telegram” kanali ochilib, unga aʼzo boʻlgan 5 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari vakillarining shu kungacha kelib tushgan 1397 ta savollariga aniq va tezkor javoblar berildi.